Ismonxo‘jayeva Muhayyo Rixsiyevna 1946 yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. 1964 -1970 yillarda Toshkent Politexnika institutining qurilish fakultetida a’lo baholarga o‘qidi. O‘qishni tamomlagach, shu fakultetda qoldirildi. 1971 yil institut ilmiy jamoatchiligining tavsiyasiga ko‘ra, Moskvaga “SNII promzdaniye”dagi Markaziy konditsiyalash laboratoriyasiga tadqiqotchi - shogird sifatida xizmat safariga yuborildi. 1972 yilda esa shu institut aspiranturasiga o‘qishga yo‘llanma oldi. 1982 yilda “Havoni konditsiyalashdagi uskunalarni ta’mirlash” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi.
Olima Muxayyo Rixsiyevna Moskvadan qaytgach, Toshkent Politexnika institutning qurilish fakultetida talabalarga havoni konditsiyalash va uni sovuqlik bilan ta’minlash fanidan dars bera boshladi. Qurilishdagi injenerlik jihozlari fanining sir - asrorlarini shogirdlariga mukammal yetkaza oldi.
Muhayyo Rixsiyevna tashkilotchilik va ilmiy saloxiyatga ega bo‘lgan, atrofiga iqtidorli talabalarni jalb eta oladigan, ularga ilm - fan yangiliklarini yetkaza oladigan olima ustozdir. U 2001 yildan Toshkent Arxitektura - qurilish instituti talabalar ilmiy jamiyati prezidiumining raisi, 1996 yildan Respublika talabalar fan olimpiadasini o‘tkazish bo‘yicha mas’ul shaxsdir. Ayni vaqtda o‘quv - uslubiy bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ham xizmat qilmoqda.
Respublikamiz mustaqillikka erishgach uning, sohasi bo‘yicha ham yangi qo‘shma korxonalar ochildi. Muhayyo Ismonxo‘jayeva ular bilan shartnomalar tuzish uchun yelib yugurdi, yugurmoqda. Maqsadi talabalarning texnologik amaliyotlarini shu korxonada o‘tkazishlariga erishdi.
Qolaversa, ularning bitiruv (diplom) ishlari mavzusini ko‘shma korxonalarning takliflari bilan muvofiqlashtirish va uni shu korxonaning o‘zida ximoya kilinishiga erishdi. Demakki, Muhayyo Rixsiyevna yosh mutaxassislarni kelajakda shu joylarda ishlashlari uchun harakat qilmoqda. Davlat granti bo‘yicha ta’lim olayotgan talabalar uchun uch yoqlama shartnoma asosida ishga joylashtirishda xam u jonbozlik ko‘rsatmoqda. Bu xam siz bilan biz tushungan fidoyilikning bir ko‘rinishidir.
Muxayyo Ismonxo‘jayevaning murakkab soxa mutaxassisligi xaqida o‘qigan ba’zi kishilar texnik yo‘nalish ayol kishiga og‘irlik qiladi - ku deyishlari tabiiy. Binobarin, azizlar, davr ildamlab, fan va texnika taraqqiy etib bormoqda. Shu taraqqiyotga mos kadrlar tayyorlash, havoni konditsiyalash fani sohasida yangiliklar yaratish, xorijiy texnologiyalarni ta’lim jarayoniga tadbiq etish - mana shular texnika fanlari nomzodi dotsent M. Ismonxo‘jayevani olg‘a chorlovchi chiroqtir. Bu chiroq ayol ko‘nglini doim yoritib turadi. Bu yo‘lda, ya’ni uning tinib - tinchimay ishlashida turmush o‘rtog‘i O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan quruvchi Abdumajit Zokirxo‘jayev doim ko‘makdosh va hamfikrdir. Muhayyoxondek ayollarimiz doim omon bo‘lsinlar!