Zebiniso Isroilova 1960 yili Namangan viloyatining Pop tumanida ziyolilar oilasida tavallud topgan.
Otasi rahmatli Shermat Chodak qishlog‘ida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib uzoq yillar ishlagan. Otasi vafot etganida Zebiniso bir yashar qizaloq edi. Onasi - Dilbar uy bekasi bo‘lib, turmush o‘rtog‘i bilan birgalikda uch qiz va bir o‘g‘ilni tarbiyalab, voyaga yetkazishgan. Zebiniso oilada kenja farzand. Bugungi kunda farzandlarning bari oliy ma’lumotli, jamiyatda o‘z o‘rniga ega insonlar sifatida nufuzli tashkilotlarda mehnat qilishmoqda.
Zebiniso bolaligidanoq ko‘p kitob o‘qir, darsliklardan tashqari badiiy adabiyotlarga ham alohida mehri baland edi. Balki ushbu omillar sabab uning kelajakda kutubxonachi bo‘lib ishlashiga zamin yaratilgandir. Urta maktabni bitirganidan so‘ng Zebiniso Qo‘qon shahridagi Maishiy texnikumga o‘qishga kirib, 1983 yili ushbu texnikumni qishloq korxonalarini rejalashtirish mutaxassisligi bo‘yicha tugalladi.
Mehnat faoliyatini 1988 yilda Qo‘qon shahridagi 30 - bilim yurtida kutubxona mudirligidan boshlagan. Sakkiz yillik ishi jarayonida ushbu kasbning nozik jihatlarini mukammal o‘rgandi, kitobxonlar bilan muomala qilish madaniyatini oshirdi, bo‘sh vaqti kam bo‘lishiga qaramay, nurxona ichidan nur olib, ko‘plab kitoblarga oshno bo‘ldi. 1996 yili esa 9 - umumta’lim maktabida kutubxona mudiri sifa¬tida mehnat faoliyatini davom ettirdi. Ushbu yillar davomida u qanchadan - qancha kitobxonlarga zarur adabiyotlarni topishda, ta’minlashda, foydali maslahatlarini berishda ko‘makdosh bo‘ldi, shuning bilan birga u o‘z ishidan zavq oldi.
1978 yili Zebiniso Solijon ismli yigitga turmushga chiqib, bir oilaning bekasiga aylandi. Turmushida unga ko‘p kitob o‘qigani yaqindan yordam berdi, chorasiz qolgan damlarida kitobga suyandi, uning mo‘jiza hadya etuvchi xilqatlaridan panoh topdi. Baxtli turmushlari davomida Solijon bilan birgalikda ikki o‘g‘il va ikki qizli bo‘lishdi. Bugungi baxtli damlarining, o‘g‘il - qizlari yonlariga qo‘shqanot bo‘lishganini ko‘rib sevinarkan, Zebini¬so bir vaqtlardagi qiyinchiliklari bir zumda ariganini sezadi.
2003 yilgacha 9 - umumta’lim maktabida ishlagan Zebi¬niso 2007 yilga qadar Qo‘qon tasviriy va amaliy san’at kollejiga ishga o‘tib, dastlabki to‘rt yil kutubxona mudiri lavozimida ishladi. Kollejga keltirilgan yangi texni¬ka va texnologiyalarning amaliyotga jalb etilishi natijasida esa kollej qoshida yangi, zamonaviy Axborot resurs markazi ochildi. 2007 yildan esa Zebiniso ushbu markazning rahbari sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Zebiniso qayerda bo‘lmasin, o‘z ustida ishlashni kanda qilmaydi. Atrofdagi insonlar, hamkasblari orasida alohida fazilatlari, jonkuyarligi, kasbiy salohiyati bilan ajralib turadi.
Oilada ham yaxshi rafiqa, mehribon ona, Durdona va Dildora ismli ikki qizini uzatgan, ular bugungi kunda uy bekalari bo‘lishib, oila obodligini ta’minlashmoqda. O‘g‘illari Doniyor Fargona viloyatining Dangara tumanidagi kimyo bazasida yurist, Diyor esa tibbiyot maskanida ordinator. Oilada farzandlarga berilgan yaxshi tarbiya, ilm bugun o‘z mevasini bermoqda. Solijon bilan Zebiniso farzandlari yutuqlarini ko‘rishlari bilan ana shu narsalarga yetarli darajada ahamiyat berishganidan qoniqish hissini tuyishadi. Zero, yoshlikda berilgan bilim kun kelib meva¬sini beradi, insonni komillikka yetaklaydi. Zebinisoning yuzidagi tabassum, ichki bir faxr ana shu mehnatlarning shirin mevasi, desak mubolag‘a emas.
- Yurtimizdagi millionlab ayollarning vakili sifa¬tida menga berilgan umr, hayotdan roziman. Baxt deganda oilaviy xotirjamlikni, farzandlar kamolini tushunaman. Umuman baxt degani sabr degani hamdir, - deydi Zebiniso.