O‘zbekiston Miliy universiteti fizika fakulteti dotsenti, fizika - matematika fanlari nomzodi Karabayeva Munira Abdullayevna o‘z sohasining yetuk, tajribali mutaxassisi, mahoratli pedagog, jamoat ishlarida faol bo‘lishi bilan birga fizika - matematika yo‘nalishida ilmiy ishlar qilib, olima degan sharafli nomga sazovor bo‘lgan fidoyi ayollardan. 1987 yilda Toshkent Davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) Fizika fakulteti “Yarim o‘tkazgichlar va dielektriklar fizikasi” kafedrasini imtiyozli diplom bilan tugatdi.
U mehnat faoliyatini 1985 yildan Toshkent Davlat universiteti (O‘zMU) Fizika fakulteti “Yarim o‘tkazgichlar va dielektriklar fizikasi” kafedrasi ilmiy laborato- riyasida laborant lavozimida ishlash bilan boshladi. So‘ngra Umumiy fizika kafedrasi stajer - tadqiqodchisi va aspiranti bo‘lib ilmiy ishlarini davom ettirdi. 1997 yilda Yarim o‘tkazgichlar va dielektriklar fizikasi ixtisosligi bo‘yicha “Tarkibida elektr o‘tkazuvchi to‘ldiruvchisi bo‘lgan kompozitsion keramik materiallarning elektr xossalarini o‘rganish” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiya ishini himoya qilib, fizika - matematika fanlari nomzodi ilmiy darajasini oldi va 1999 yilda Polimerlar fizikasi bo‘yicha dotsent ilmiy unvonini olishga sazovor bo‘ldi.
Munira Karabayeva ilmiy - pedagogik faoliyati jarayonida fizika fakulteti bakalavriat talabalariga umumiy fizikaning “Molekulyar fizika” fanidan yetarlicha ilmiy - nazariy va o‘qitishning ilg‘or uslublarini qo‘llagan holda rus va o‘zbek guruhi bakalavrlariga ma’ruza, laboratoriya va amalii mashg‘ulotlarni, magistratura talabalariga esa mutaxassislik fanlaridan dars berib, bitiruv ishlari va magistrlik dissertatsiyalariga ilmiy rahbarlik qilib kelmoqda. Ish faoliyati davomida kurs murabbiysi, fakultet kasaba uyushmasi a’zosi, fakultet xotin - qizlar qo‘mitasi raisi lavozimlarida faoliyat ko‘rsatib kelgan. Hozirda mazkur fakultetning 3 - kurs bakalavrlariga kurs murabbiysi bo‘lib faoliyat yuritmoqda. U izlanuvchan va talabchan mutaxassis sifatida universitet va fakultet professor - o‘qituvchilari jamoasi va talabalari o‘rtasida alohida hurmat - e’tiborga ega.
Dotsent Karabayeva Munira Abdullayevaning umumiy ilmiy ishlar soni 60 dan ortiq bo‘lib, 2 ta o‘quv qo‘llanma, 4 ta uslubiy qo‘llanma, 50 ta maqola va tezislar muallifidir, shu jumladan u qator xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy anjumanlarda ma’ruzalar bilan qatnashgan. Uning muallifligida “Molekulyar fizika” nomli darslik chop etilgan.
Olima “Yarim o‘tkazgichlar va polimerlar fizikasi” kafedrasi dotsenti sifatida o‘ziga yuklatilgan o‘quv - uslubiy, ilmiy va ma’naviy yuklamalarni o‘z vaqtida yuqori darajada bajarib keladi. Uning ishtirokida yarimo‘tkazgichlar va polimerlar fizikasi kafedrasi bilan O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi 2 - son akademik litsey o‘rtasida uzoq yillarga mo‘ljallangan shartnoma tuzilgan bo‘lib, u yerda kasbga yo‘naltirilgan ma’ruzalarni tashkil qilishga e’tibor qaratilgan.
Hozirgi kunda Munira Karabayeva o‘z pedagogik faoliyatini davom ettirish bilan birgalikda yangi o‘quv qo‘llanmalar, elektron darsliklar yaratish ustida ish olib bormoqda.
Dotsent Karabayeva Munira Abdullaevna yetuk pedagog, har ishda tashabbuskor, topshirilgan vazifalarni mas’uliyat bilan bajaradi.