Karimboeva Salomatxon Isanboevna 1948 yil 24 iyunda Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumani Nanay qishlog‘ida tug‘ilgan. 1966 yil Zarkent qishlog‘idagi buxgalterlar tayyorlash maktabini tugatgan, 1969 yilda ToshDU ( Hozirgi Milliy universitet)- ning tarix fakultetiga o‘qishga kirib, uni 1975 yilda tamomlagan. 1979 yilgacha Namangan shahridagi 16-11-maktablarda tarix fani o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan. 1979 yildan Toshkent Politexnika institutining Namangan filialida ijtimoiy fanlar kafedrasida kabinet mudiri lavozimida ish boshlagan. 1981 yildan assistent, 1986 yildan katta o‘kituvchi bo‘lib ishlash bilan birga, ilmiy izlanishlar olib borgan, 1991 yilda tarix ixtisosi bo‘yicha «Chor Rossiyasining O‘rta Osiyoni bosib olishi va uning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarining tarixiy adabiyotlarda yoritilishi» mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. 1993 yildan «O‘zbekiston tarixi» kafedrasida, 2000 yildan «O‘zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti» kafedrasida dotsent lavozimida ishlab kelmokda.
S.Karimboeva 30 dan ortiq ilmiy, ilmiy-uslubiy maqolalar muallifidir. U Respublika mikyosidagi ilmiy- amaliy anjumanlarda ilmiy maqolalari bilan faol ishtirok etib kelmoqda.
Olima institut xotin-qizlar kengashi raisasi sifatida katta tashkilotchilik va tarbiyaviy ishlar olib bormokda. Bugunning talaba qizlari - ertaning gul kelinchaklari, bir uyning, xonadonning erka maloyikalaridir. Buni yurakdan his etgan Salomatxon talaba qizlardan qizg‘in suhbatlariyu maslahatlarini ayamaydi. «Bugungi kunda yoshlar tarbiyasi bilan shug‘ullanish oson ish emas, deydi S. Karimova. - Ba’zan qattiq gapirishga to‘g‘ri kelsa, ba’zan past tushasan, Xullas, ruhshunos bo‘lishga ham to‘g‘ri kelarkan...»