Karimova Lola G‘anievna 1941 yil 2 avgustda Toshkentda tug‘ilgan. Pushkin nomli 13- o‘rta maktabni tugatgan. 1961 yilda ToshDU ning ( hozirgi Milliy universitet) filologiya o‘qishga kirdi. 1967- 1970 yillar filologiya fakultetining aspiranti bo‘lib, ilmiy ish bilan shug‘ullandi. 1970— 1972 yillarda filologiya fakulteti «O‘zbek tili» kafedrasida katta laborant bo‘lib faoliyat ko‘rsatdi. 1972 yili «Shimoliy o‘zbek shevalarining toionimiyasi» mavzusidagi ilmiy ishi bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. 1976 yili «Tarjima nazariyasi» kafedrasida katta o‘qituvchi lavozimiga, 1982 yili dotsent lavozimiga munosib ko‘rildi. Shu yili «O‘zbekistonda joy nomlarining o‘rganilishiga doir» monografiyasi bosmadan chiqdi. 1982 — 1984 yillar davomida «Tarjima nazariyasi» kafedrasida dotsent lavozimida ishladi. 1984—1986 yillari Afg‘onistonning Kobul universiteti qoshida «O‘zbek tili va adabiyoti» bo‘limi tashkil etilib, u yerda doktor ilmiy darajasida o‘zbek guruhi talabalariga dars bera boshladi. Bu yillarda o‘zbek guruhi talabalari uchun bir necha qo‘llanma dastur va darsliklarni bosmadan chiqardi. 1991 yili Toshkent davlat avtomobil yo‘llari oliygohining o‘zbek guruxlari uchun «O‘zbek tili va adabiyoti» dasturini professor U. Shokirov bilan birgalikda yozib talabalarga taqdim etdi.
1992 yili shu oliygohga o‘tib, 1- va 2-bosqich rus guruhlari uchun o‘quv dasturini yaratadi. Lola Karimova butun ilmiy faoliyati davomida 40 dan ortiq ilmiy maqola, bir necha monografiya va o‘quv dasturlari hamda darsliklar yaratishga erishdi.