Mehnati ila aziz
Oramizda o‘z taqdirini jamiyat taqdiri bilan bog‘lab yashayotgan fidoyi ayollar juda ko‘p. Ular oilada, ish joyida va jamoa orasida hamisha tashabbuskor, tadbirkorliklari bilan tezda nazarga tushadilar, ezgu ishlari bilan esa hurmat - izzatga sazovar bo‘ladilar. Tibbiyot fanlari doktori, ajoyib shifokor Muyassarxon Karimova ana shunday ayollardan biridir . U 20 yildirki , shifokorlik postida sadoqat bilan xizmatda bo‘lib keladi. Butun hayotini, qolaversa ilmi va ijodini ana shu sevimli kasbiga baxshida etgan desak adashmaymiz. Olima oddiy shifokorlikdan rahbarlik lavozimigicha bo‘lgan mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tdi. Oxir - oqibat ulkan yutuqlarga ham erishdi.
Muyassar Karimova 1965 yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. 1972 - 1982 yillarda o‘rta maktabni oltin medal bilan bitirdi va xuddi shu yili Toshkent Davlat meditsina institutining davolash fakultetiga kirdi. Institutni tugatgandan keyin Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida klinik ordinaturani o‘tab, oftalmolog bo‘lib ishlay boshladi. 1995 - 1997 yillarda Toshkent tibbiyot akademiyasi markaziy ilmiy - tekshirish laboratoriyasida faoliyat yuritdi. Avval nomzodlik so‘ng esa doktorlik ilmiy ishini yoqladi. Ish jarayonida o‘z ustida tinmay izlandi, 60 ta ilmiy ish, 1 ta o‘quv qo‘llanmasi va 2 ta patentga mualliflik qildi.
Ayni paytda Muyassarxon Karimova respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi markazining ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosaridir. Olima oftalmologiya sohasidagi dunyo yangiliklariga tayanadi va boy tajribalarini o‘zlashtiradi.
“Bugungi kunda zamonaviy jarrohlik usullari yordamida eng murakkab operatsiyalar ham bajarilmoqda va bemorning dardi asoratsiz tuzatib yuborilmoqda. Shifokor oftalmologlarimizning barchasi bilimdon va tajribali, zarur bo‘lsa bemor uchun o‘zlarini fido qilishadi” deydi olima.
Muyassar Karimova ko‘plab chet davlatlarda o‘z bilim va malakasini oshirib qaytdi. Yirik xalqaro anjumanlarda ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Bir shoir shunday misralarni bitgan:
Sen uchun nimalar bermoqda hayot,
Ko‘nglingda qay hislar qilmoqda isyon.
Ey inson , bilmoqchimisan nedur baxt,
Olamga boq tiniq ko‘zlaring bilan.
Shukur qil va yasha quvonib, yonib,
Chaqnab turgan toza gavharlaring bor.
Go‘zal nigoh ila atrofni ko‘rsang,
Senga doim omad va baxt kulib boqar.
Darhaqiqat, inson hayotdan fazilatlar qidirib yashamog‘i kerak. Agar u dunyoga yorug‘ nigohlari bilan boqsa o‘zining ham turmushiga ziyo oqib kiradi, omadli insonga aylanadi va el - yurt ichida mehnati bilan e’zozlanadi. Shu jixatdan qaraganda taniqli olima ezgu ishlari va yaratuvchanlik faoliyati bilan ko‘pchilik o‘rtasida obro‘ – e’tibor qozondi. Muhimi, umr daftari sahifalarini yaxshiliklar bilan bezatmoqda.