O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat instituti “Pedagogika va psixologiya” kafedrasining mudiri, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Kasimova Zebo Hamidovna o‘z asosiy faoliyatidan tashqari jamoat ishlarida faol olima ayollardan. U Respublika Olima ayollar uyushmasi a’zosi, institutdagi Olima ayollar uyushmasi raisi. Zebo Hamidovna o‘tayotgan har bir kuni, har bir daqiqasini qadrlaydi. Chunki u bariga ulgurishi kerak - institutdagi pedagogik ishlari, darslarni yuqori darajada, zamonaviy texnik uslublarda o‘tkazish, har bir talabaga e’tibor, ularning ilmiy ishlariga rahbarlik qilish, o‘z tadqiqotlari, ilmiy izlanishlari natijasini jamlab maqolalar, risolalar yozish, chop ettirish, tadbirlarda faol qatnashish va albatta oila, farzandlar, hatto jajjigina nabirasiga vaqt topish... Bunday qaraganda bu institutda faoliyat yuritayotgan har bir pedagog - olimaga xos yumushlar, vazifalardek. Biroq buning zalvorini, mas’uliyatini boshidan kechirayotgan olimagina bilsa kerak. Lekin uning ortidagi zavqlar, shogirdlar yutuqlarini ko‘rgandagi quvonch, mehnatlari mevasini totgandagi baxtning nashidasi o‘zgacha...
Ana shunday qalbi olov olima ayollardan Zebo Kasimova 2009 yildan “Talabalarda axborotlarga ratsional yondashuv ko‘nikmalarini rivojlantirishning nazariy asoslari” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasi ustida ish olib bormoqda.
Olima 40 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi, “Fan” nashriyotida nashr etilgan “Pedagogik mahorat asoslari” nomli o‘quv qo‘llanma (2009), “Mafkuraviy immunitetni shakllantirishning uslub va vositalari” (2007), “Yangi pedagogik texnologiyalar” (2009), “Pedagogik mahorat asoslari (amaliy mashg‘ulotlar uchun uslubiy tavsiyalar)” (2010) kabi uslubiy qo‘llanmalar, “Yoshlarda mafkuraviy immunitet va g‘oyaviy kurashchanlik fazilatlarini shakllantirish” ilmiy loyihasi doirasida “Milliy goya: asosiy tushuncha va tamoyillar” fanidan o‘quv - uslubiy majmua (2011), “Oliy ta’lim muassasalari professor - o‘qituvchilarining tajribasini oshirish texnologiyasi” (2011) nomli hammualliflikdagi monografiya, “Ma’naviyat” nashriyotida chop etilgan “Yoshlarda mafkuraviy immunitetni shakllantirishni uslubiy takomillashtirish yo‘llari” (2013) nomli ilmiy-ommabop risola muallifidir. 2014 yilda “Ta’lim texnologiyalari” nomli o‘quv qo‘llanmasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining tavsiyasiga binoan nashrdan chiqdi hamda 2015 yilda o‘tkazilgan “Eng yaxshi darslik va o‘quv qo‘llanma muallifi” respublika tanlovida g‘olib deb topildi. Hozirgi vaqtda u “Malaka oshirish tizimida pedagogik mahorat va ta’lim texnologiyalaridan foydalanish yo‘llari” nomli o‘quv qo‘llanmani tayyorlab nashrga topshirdi.
Dotsent Zebo Hamidovnaning so‘nggi yillarda AQSh, Chexiya va Chelyabinskda nashr etiladigan ilmiy jurnallarda 3 ta, OAK e’tirof etgan jurnallarda 6 ta, xalqaro va respublika ilmiy to‘plamlarida 25 ta maqolasi chop etilgan. Shuningdek, Fan - texnika davlat dasturi doirasida 2012 - 2014 yillarga mo‘ljallangan “Mamlakatimizda ma’naviy targ‘ibot ishlari samaradorligini oshirish imkoniyatlarini ilmiy - amaliy jihatdan tadqiq etish” mavzusidagi ilmiy loyihaning rahbari sifatida, 2015 - 2017 yillarga mo‘ljallangan “Razrabotka kompleksa psixofizicheskix treningov dlya formirovaniya tvorcheskoy lichnosti v oblasti iskusstva teatra i kino” mavzusidagi ilmiy loyihaning ijrochisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
2010 yilda oliy o‘quv yurtlari professor - o‘qituvchilari o‘rtasida “Eng faol ma’naviyat targ‘ibotchisi” respublika tanlovining Toshkent shahar bosqichida ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Ommaviy axborot vositalarida va matbuotda Zebo Kasimova psixologiya, ta’lim - tarbiya, ma’naviyat - ma’rifat masalalariga doir mavzularda chiqishlar qilib kelmoqda. “Ma’rifat” gazetasining mutaxassis minbari rukni ostida “Muomala madaniyati: muvaffaqiyatlar kaliti” nomli maqolasi ko‘pchilikka manzur bo‘ldi.
Zebo Kasimova institut jamoasi, professor - o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasida hurmat - e’tiborga ega, u o‘zining mehnat faoliyati uchun bir necha marta oliy ta’lim vazirligining faxriy yorlig‘i bilan mukofotlangan.
Dotsent Kasimova Zebo Hamidovna tashkilotchilik, tashabbuskorlik, kreativlik qobiliyatlariga ega bo‘lib, kafedra jamoasini birlashtira oladi va ta’lim - tarbiya sohasiga hissa qo‘shishga safarbar eta oladi. Kafedradagi o‘quv, ilmiy va tarbiyaviy ishlarni tashkil qilishga yo‘naltirilgan me’yoriy hujjatlarni sifatli tarzda yuritadi.
Zeboxon oilali, 2 nafar farzandi va bir nafar nabirasi bor.