Filologiya fanlari nomzodi, dotsent
Bobojon Madaliyev 1920 yilda Rishton qishlog‘ida tug‘ildi. O‘rta maktabni bitirgandan keyin Tojikistonning Xo‘jand shahridagi olti oylik o‘qituvchilar tayyorlash kursida o‘qidi.1940 - 1942 yillarda to‘liqsiz o‘rta maktablarda til va adabiyot o‘qituvchisi bo‘lib ishladi. 1942 iyun oyida armiya safiga chaqirilib, Ikkinchi Jahon urushida qatnashdi. 1943 yilda armiyadan yarador bo‘lib qaytdi va maktablarda direktor, ilmiy bo‘lim mudiri vazifalarida ishladi.
1946 - 1947 yillarda Marg‘ilon shahar o‘qituvchilar institutida, 1947 - 1949 yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining til va adabiyot fakultetida, 1949 - 1952 yillarda esa shu institut qoshidagi aspiranturada o‘qidi. 1959 yildan Qo‘qon pedagogika institutida dastlab o‘qituvchi, keyinroq dotsent hamda til va adabiyot kafedrasi mudiri vazifalarida ishladi.
U 1958 yilning 23 dekabrida olim Z.Ma’rufov rahbarligida “Hozirgi zamon o‘zbek tilida qo‘shma so‘zlar” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan. 1962 yilda unga filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasi berilgan. O‘z ilmiy - pedagogik faoliyati davomida 20 dan ortiq ilmiy va metodik maqolalar e’lon qilgan.