Fizika - matematika fanlari nomzodi, dotsent
1948 yil 10 yanvarda Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida tavallud topgan.1965 yili o‘rta maktabni tamomlab, shu yili Farg‘ona davlat pedagogika institutining matematika fakultetga o‘qishga kirdi va uni 1969 yilda muvaffaqiyatli tamomladi. 1972 yili Toshkent davlat universitetining ehtimollar nazariyasi va matematik statistika kafedrasida shogird - tadqiqotchi bo‘lib faoliyat ko‘rsatdi.
1973 yildan algebra va sonlar nazariyasi kafedrasi o‘qituvchisi bo‘lib ish boshladi. 1976 - 1979 yillari Toshkent davlat universitetining ehtimollar nazariyasi va matematik statistika kafedrasida aspiranturada o‘qidi.
Aspiranturani tugatib, 1980 yilda Farg‘ona pedagogika institutining algebra va sonlar nazariyasi kafedrasida o‘qituvchi lavozimida ish boshladi. Ish faoliyati bilan birgalikda ehtimollar nazariyasining limit teoremalari sohasida ilmiy izlanishlar ham olib bordi. 1983 yili O‘zFA akademigi Sh.Q.Farmonov ilmiy rahbarligida O‘zbekistan Respublikasi FA Matematika instituta qoshidagi ixtisoslashtirilgan Kengashda “Tartiblangan statistikalarning limita va xarakterizatsion xossalari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.
1983 yildan boshlab Farg‘ona davlat pedagogika institutining algebra va matematik analiz kafedrasida katta o‘qituvchi bo‘lib ishladi. 1989 yilda algebra va matematik analiz kafedrasi dotsenti unvoniga sazovor bo‘ldi.
U talabalarga algebra va sonlar nazariyasi, ehtimollar nazariyasi va matematik statistika fanlaridan ma’ruzalar o‘qib kelmoqda. Bundantashqari, kafedra qoshida ochilgan ehtimollar nazariyasi va matematik statistika mutaxassisligi bo‘yicha magistraturada “Matematik statistika”, “Regressnoy analiz”, “Xarakterizatsion masalalar” kabi fanlardan ma’ruzalar va amaliyot mashqlarini olib bordi, bir nechta magistrlarga magistrlik dissertatsiyasi bo‘yicha ilmiy rahbarlik qildi. Shu bilanbirga, 1983 - 1984 o‘quv yilida matematika fakultetining o‘quv ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari, 2000 - 2002 yillarda ehtimollar nazariyasi va matematik statistika kafedrasining mudiri lavozimlarida ishladi.
1972, 1983, 1995, 2005 va 2011 yillarda Farg‘ona davlat universitetida an’anaviy tarzda o‘tkazilgan “Ehtimollar nazariyasining limit teoremalari va ularning tatbiqi” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferentsiyalarda ma’ruzalar bilan qatnashdi. 2005 yilgi konferentsiyada tashkiliy qo‘mita kotibi vazifasini bajardi. Bundan tashqari, kafedra qoshida davlat byudjeti asosidagi fundamental ilmiy tadqiqotlarda(1991 - 2001) ham ishtirok etdi.
A.Madrahimov respublika va xalqaro jurnallardagi 60 ga yaqin ilmiy maqolalar, uslubiy ko‘rsatmalar muallifidir. Hozirgi kunda umumiy matematika kafedrasining dotsenti lavozimida ishlab kelmoqda.