Magzumova Nargiza Mahkamovna 3 avgust 1957 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent tibbiyot akademiyasi akusherlik va ginekologiya kafedrasi professori, tibbiyot fanlari doktori.
Nargiza hali jingalak sochli qizaloqlik paytlardanoq shifokorlik mehnati zavqini his qilib ulgurgandi. Chunki, onasi Umri Azimovna bolalar shifokori edi. Qo‘ni - qo‘shnilar, dam olish kunimi, bayrammi, yarim tunmi demasdan bemor bolalarini ko‘tarib kelaverishardi. Oyijonisi ham hech qachon bemorlarga yo‘q demagan. Ochiq chehra, shirin so‘z bilan zarur yordamini ko‘rsatar, yana maslahatlar ham berib kuzatardi. Shundanmi, mahallada kata - yu kichik u kishini “do‘xtir kelin” deb hurmat qilardi. Nargiza onasini oppoq xalatda ishlab o‘tirgan chog‘larida ko‘rib juda - juda hayajonlanib ketardi. Ayajon, xalatingizni bir kiyib ko‘ray, degani degan edi. Ana shu onasiga o‘xshash onasidek qo‘li gul, bilimdon shifokor bo‘lish orzusi bilan 1973 yilda Toshkent davlat tibbiyot instituti davolash fakulteti talabasiga aylandi. Nargiza mashg‘ulotlarda olgan bilimlarini onasidan so‘rab, o‘rganib puxtalab olardi.
1980 yil institutni tugatib, “Davolash ishi” mutaxassisligi bo‘yicha diplom egasi bo‘lgan Nargiza Mahkamovna 9 - shahar tug‘ruqxonasida internatura o‘tadi. Ikki yillik tajribadan so‘ng Moskvaga yo‘l olgan yosh mutaxassis 1982 - 1985 yillarda Moskva shahridagi 70 - klinik shifoxonasining tug‘ruq bo‘limida shifokorlik qildi. Bu yerda o‘z kasbining ustasi, yetuk mutaxassislaridan tanlagan kasbining nozik sirlarini o‘rgandi. Keyin yana bolajon O‘zbekistonga qaytib, olgan bilimlarini amaliyotga tatbiq eta boshladi. Shu yerda hamkasbi Habibulla Magzumov bilan tanishib, oila qurishdi. Qizchalik bo‘lishdi. Unga Umida deb ism qo‘yishdi.
Nargizaxonning endi yanayam ishi ko‘paydi. Farzand parvarishi bilan birga ilmiy izlanishi, mehnat faoliyatini ham davom ettirishga to‘g‘ri keldi. 1986 - 1989 yillarda ToshMining akusherlik va ginekologiya kafedrasida klinik ordinaturada o‘qidi.
- Sening ishing menikidan ham faxrli, - derdi nabirasiga qarashda ko‘maklashayotgan Umri Azimovna qiziga, - chunki sen ona bo‘lishdek muqaddas nomga intizor yurgan ayollarga yordam berasan. Ularning baxtiyor chehrasini, minnatdorlik so‘zlarini topolmay, ko‘zlaridan tomgan sevinch yoshlarini ko‘rganingda chekkan barcha zaxmat va charchoqlaringni unutib yuborasan.
Umri opa haq ekan. Nargiza Mahkamovna izlanishdan, bemorlarga yordam berishdan hech qachon charchamadi. Aspiranturadagi uch yillik mutolaa samarasi nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. Tibbiyot fanlari nomzodi Nargiza Mahkamovna 1992 - 1995 yillarda 2 - Toshkent davlat tibbiyot instituti akusherlik va ginekologiya kafedrasida assistent bo‘ldi.
1995 - 1996 yillarda Yaman davlatida akusher - genekolog sifatida arab ayollarga xizmat ko‘rsatdi. Xorijdan qaytgach, faoliyatini yana qadrdon davolash fakultetida akusherlik va ginekologiya kafedrasida dotsent lavozimida davom ettirdi. U bemorlarga yordam beribgina qolmay, talabalarga ham o‘z kasbi sirlaridan saboq berishda davom etdi. Ilmiy izlanishini ham to‘xtatmadi.
1999 - 2002 yillarda shu kafedra doktoranturasida o‘qidi. 2003 yilda ToshDavTI qoshidagi Ixtisoslashgan Kengashda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Nargiza Magzumovaga professor ilmiy unvoni berildi. U hamon shu kafedrada mehnat qilyapti. Bu davr ichida 50 dan ortiq maqola va tezislar chop etdi.
Darvoqe, Nargizaning qizi Umidaxon ham ota - onasining izidan borib, tibbiyot xodimi bo‘lib yetishdi.