O‘zbekiston Milliy universitetinin Falsafiy tadqiqotlar o‘quv-ilmiy majmuasi va byudjet rahbari Mahmudova Guli Tilabovna 1985 yili ToshDU (O‘zMU)ning falsafa-iqtisod fakultetining falsafa bo‘limini faylasuf, falsafa o‘qituvchisi mutaxassisligi bo‘yicha imtiyozli diplom bilan tamomlagan. Otasi falsafa fanlari doktori, professor, Davlat mukofoti sovrindori Tilab Mahmudovning falsafaning estetika sohasida olib borgan tadqiqotlari, Mahmudovlar oilasining 10 mingdan ortiq turli jahon tillaridagi ilmiy, adabiy va ommabop adabiyotlardan iborat kutubxonasi va turli san’at, teatr, kino va ijodkor allomalarning muntazam uylariga tashrifi va ularning qiziqarli davra suhbatlari Gulini falsafa olamiga kirib kelishiga katta zamin yaratgan.
1998-2002 yillarda Jaxon Iqtisodiyoti va Diplomatiya universiteti "Falsafa va jahon madaniyati" kafedrasida ishlagan. Falsafa, Madaniyatshunoslik, Ma’naviyat asoslari fanlaridan ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar olib borish bilan bir qatorda "Madaniyatshunoslik" va "Ma’naviyat asoslari" fanlaridan ishchi dasturlar tayyorlagan. Shu jumladan "Milliy mafkuraning tarixiy va nazariy asoslari", "Turkiston tarixida jadidchilik xarakatining ahamiyati", "Umuminsoniy qadriyatlar zamirida zamonaviy o‘zbek yoshlarining ijtimoiylashuvining ba’zi masalalari"ga oid bir necha o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar va Madaniyatshunoslik va Ma’naviyat asoslari fanlaridan ma’ruza matnlari chop etgan. Shu davr mobaynida universitet Murabbiylar kengashining raisi lavozimida faoliyat korsatgan. Universitet "Murabbiylar kengashi Nizomi"ning muallifidir.
Guli Maxmudova o‘quv va tarbiya jarayonidagi nazariy va amaliy mashgulotlarni yangi ilmiy va ilmiy- metodik usullar bilan boyitdi. Shu bilan barobar talabalarda erkin fikrlash va keng mulohazali tafakkurni shakllantirishga katta e’tibor qaratdi. Shu bois universitet rahbariyati tomonidan ko‘plab marotaba faxriy yorliqlar bilan takdirlangan.
2002-2005 yillarda O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi I.Mo‘minov nomidagi Falsafa va huquq instituti doktoranturasida stajer-tadqiqotchi, 2006- 2010 yillarda ilmiy xodim, katta ilmiy xodim lavozimlarida ishlagan. Shu davrdan binoan "Avesto" va zardushtiylikning diniy-falsafiy, ijtimoiy-ma’naviy masalalari yuzasidan tadqiqotlar olib bormokda. Institutning bir necha davlat loyihalarida Avestologiya sohasidagi ilmiy tadqiqotlari bilan ishtirok etgan. Falsafa tarixi, zamonaviy falsafa muammolari, ta’lim modernizatsiyasi va yoshlar tarbiyasi bilan bog‘liq Xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy anjumanlarda ishtirok etib kelmoqda. Jumladan: Germaniya, Moskva-Rossiya, Qozog‘iston, Qozon shaharlarida o‘tkazilgan Xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar ilmiy to‘plamlarida maqolalar chop etgan.
2012 yil Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi Ixtisoslashgan kengashda "Zardushtiylik ta’limotining tarixiy- falsafiy tahlili" ("Avesto" asosida) mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Shuni ta’kidlash joizki, bu xalqimizning qomusiy merosi bo‘lgan "Avesto"dagi falsafiy g‘oyalarning zamonaviy-ma’naviy jarayonlar uchun naqadar katta ahamiyat kasb etishi ta’kidlangan falsafa tarixi sohasidagi birinchi doktorlik dissertatsiyasidir. Hozirgi kunda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti "Falsafiy tadqiqotlar o‘quv-ilmiy majmuasi" rahbari va "Avesto dagi ijtimoiy-falsafiy va ma’naviy g‘oyalarning Sharq falsafiy tafakkur tarixidagi o‘rni va ahamiyati" mavzusidagi loyixa rahbari sifatida faoliyat ko‘rsatmokda.
Guli Mahmudova Nyyu-York Fanlar Akademiyasining haqikiy a’zosi, Rossiya Faylasuflar jamiyati a’zosi. O‘zbekiston Faylasuflar jamiyatining Plenum a’zosidir.
100 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi, Mustaqillik Izohli ilmiy-ommabop lug‘atining 1998, 2002, 2006, 2009 yillardagi nashrlarining mualliflaridan biridir. Falsafa tarixi 1-tom (2013 yil) kitobida mualliflardan biri sifatida ishtirok etgan, jumladan 4 ta monografiya va bir necha risolalar chop etgan. Bir necha ilmiy monografiyalarda mualliflarning biri sifatida ishtirok etgan. Hozirgi kunda uning rahbarligida 4 ta tadqiqotchi doktorlik dissertatsiyasi yuzasidan ilmiy izlanishlar olib bormoqda.
Gulixon bitta farzandning, 2 ta nabiraning sevimli buvijonisi.