Biologiya fanlari doktori, professor
1929 yil 14 martda Toshkentda tavallud topgan. 1943 - 1945 yillarda o‘qituvchilar tayyorlaydigan kechki kursda o‘qidi. 1945 yili uni bitirgach, o‘rta maktabning biologiya va kimyo muallimi sifatida dars bera boshladi. 1946 yili O‘rta Osiyo davlat universitetining biologiya fakultetiga o‘qishga kirib, 1951 yili tugatdi. 1951 - 1955 yillarda hayvonlar fiziologiyasi va biokimyosi kafedrasining aspiranturasida tahsil oldi. 1955 yildan Farg‘ona davlat pedagogika institutida ilmiy - pedagogik faoliyatini boshladi.
S. Mahsudov 1965 yili fakultetda dam va hayvonlar fiziologiyasi kafedrasini tuzishga asos soldi. Kafedrada o‘quv va ilmiy laboratoriyalar tashkil qildi. Ularni jihozlash uchun Leningraddagi eksperimantal meditsina ilmiy - tadqiqot institutidan qimmatbaho apparatlar olib keldi.
U 1962 yili “Organizm termoregulyatsiyasini issiq sharoitda o‘rganish bo‘yicha tajribalar” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. 1965 yili odamva hayvonlar fiziologiyasi kafedrasining dotsenti ilmiy unvoniga musharraf bo‘ldi. Ilmiy izlanishlarini tashkilotchilik va jamoatchilik ishlari bilan uzviy bog‘lab olib bordi. Eksperimental tadqiqotlarini to‘xtatmadi. 1990 yili “Qoramollar termoregulyatsiyasi va O‘zbekiston issig‘iga ularning chidamliligi” mavzusida doktorlik dissertatsiyani himoya qildi. 1993 yili professor ilmiy unvoniga ega bo‘ldi. Olimning ilmiy izlanishlari asosan odamva hayvonlar organizimining issiq iqlimli ekologik sharoitga fiziologik moslanishi va termoregulyatsiyasi muammolari yechimiga qaratilgan. O‘zining 50 yillik ilmiy tadqiqotlari bilan issiq iqlim va uning stressorlari tasiriga uy hayvonlari organizmi adaptatsiyasi zaminida yotgan fiziologik jarayonlar kechishidagi qonuniyatlarni ochib berdi. Bu boradagi ishlari 120 dan ortiq ilmiy maqola, monografiya, o‘quv qo‘llanmalar va risolalarda bayon etilgan.
1997 yili olim tashabussi bilan Farg‘onada ekologik fiziologiya muammolariga bag‘ishlangan xalqar ilmiy konferentsiya o‘tkazildi.