Yuridik fanlari doktori, professor
1974 yil 26 yanvarda Rishton tumanining Zohidaxon shaharchasida tug‘ilgan.1980 yilda tumandagi 3 - o‘rta maktabga o‘qishga kirib, uni 1990 yilda alo boholarga tamomlagan.
1991 yilda Toshkent davlat yuridik institutiga o‘qishga qabul qilingan va 1996 yil mazkur institutni imtiyozli diplom bilan tamomlagan.1991 yilda ToshDYuI ning “Fuqorolik protsessual huquqi” kafedrasiga o‘qituvchi lavozimiga ishga qabul qilingan. 2006 yilgacha mazkur kafedrada o‘qituvchi, katta o‘qituvchi, dotsent vazifasini bajaruvchi, dotsent, kafedra mudiri o‘rinbosari lavozimlarida ishlab kelgan. Bir vaqtning o‘zida 2004 - 2006 yillar mobaynida TDYuI ilmiy Kengashi kotibi lavozimida faoliyat olib borgan.
2002 yilning 28 dekabrida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist, yuridik fanlari doktori, professor Sh. Sh. Shoraxmetovning ilmiy rahbarligida “Mehnatga oid huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizoli ishlarni sudda ko‘rishning protsessual xususiyatlari” mavzusida yuridik fanlar nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya ishini muvaffaqiyatli himoya qildi.
2003 yilning 22 mayida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy Attestatsiya komissiyasining qarori (diplom 01 № 009599) bilan yuridik fanlar nomzodi ilmiy darajasini olgan. Mazkur Oliy Attestatsiya komissiyasining 2006 yil 25 maydagi qaroriga ko‘ra, dotsent ilmiy unvoniga ega bo‘lgan (03 № 005221).
2006 yilning mart oyidan e’tiboran hozirgi kungacha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi institutida bo‘lim boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritmoqda. Bir vaqtning o‘zida o‘rindoshlik asosida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi yuristlar malakasini oshirish markazining “Fuqarolik - huquqiy fanlar” kafedrasi mudiri lavozimida ham mehnat faoliyatini amalga oshirib kelmoqda.
2009 yilning mart oyida “Mehnatga oid yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni sudda undirishning nazariy va amaliy muammolari” mavzusida yuridik fanlar doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya ishini muvaffaqiyatli himoya qildi va 2009 yilning 29 oktyabrida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy Attestatsiya komissiyasining qaroriga ko‘ra, unga yuridik fanlari doktori ilmiy darajasi berildi (diplom № 004140).
M. M. Mamasiddiqov tomonidan 300 ga yaqin ilmiy, ilmiy - ommabop maqolalar, o‘quv, o‘quv - uslubiy qo‘llanmalar, monografiya va risolalar chop etilgan. Xususan, “Mehnatga oid huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizoli ishlarni sudda ko‘rishning protsessual xususiyatlari”, “Mehnatga oid yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni sudda undirishning nazariy va amaliy muammolari”, “Demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishni huquqiy ta’minlash muammolari” mavzusidagi monografiyalar, “Mehnat ishlari bo‘yicha yetkazilgan zararni sudda undirish”, “Mehnatga doir nizoli ishlarni sudda ko‘rishning protsessual xususiyatlari”, “Buyruq tartibida ish yuritish”, “O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining “Buyruq tartibida ish yuritish” nomli 201 - bobiga sharh”, “Fuqarolik protsessida prokuror ishtiroki”, “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik protsessual qonunchiligining rivojlanishi” nomli o‘quv - amaliy va o‘quv - ilmiy qo‘llanmalari, “O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik protsessual huquqi (sxema va jadvallar)”, “O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik protsessual huquqi” nomli o‘quv - uslubiy qo‘llanmalari shular jumlasidandir. Shuningdek, 2010 yilda mamlakatimiz fuqarolik protsessual qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar hamda davlat ta’lim standarti, fan dasturida belgilangan talablar asosida “O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik protsessual huquqi” nomli darsligi chop etilgan.
Hozirgi kunda uning ilmiy rahbarligida 10 ga yaqin tadqiqotchilar yuridik fanlari bo‘yicha ilmiy daraja olish uchun izlanish olib bormoqdalar.