Fizika - matematika fanlari nomzodi, professor, Beruniy nomidagi davlat mukofati laureati
1932 yilda Namangan viloyati Chust tumani Zutkan qishlog‘ida tug‘ildi. Professor J. X. Karimovning shogirdlaridan biri bo‘lgan M. Mamatov 1954 yilda Farg‘ona pedagogika institutini tamomlab , 1954 - 1959 yillarda shu institutning matematik analiz kafedrasida assistent vazifasida ishladi. 1959 - 1961 yillarda Nizomiy nmidagi Toshkent davlat pedagogika institutida, 1962 yili Farg‘ona davlat pedagogika institutida S. X. Sirojiddinov rahbarligida aspiranturada o‘qidi va 1962 yilda “Lokal limitik teoremalar” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. So‘ngra FDPIga qaytib, 1962 - 1968 yillarda dastlab katta o‘qituvchi, so‘ngra umumiy matematika kafedrasi mudiri vazifasida ishladi. 1968 - 1971 yillarda ToshDU ehtimollar nazariyasi va matematik statistika kafedrasining dotsenti, keyinchalik shu kafedra mudiri lavozimlarida ishladi. 1971 yil Namangan pedagogika instituta rektori vazifasiga tayinlandi va shu lavozimda institutni 1993 yilgacha boshqardi. 1994 - 2005 yillarda “Nuroniy” jamgarmasining Namangan viloyat bo‘limi boshlig‘i bo‘lib faoliyat ko‘rsatdi. Hozirgi kunda nafaqada bo‘lsa ham, yosh olimlar bilan ilmiy maslahatchi sifatida ish olib bormoqda.
M. Mamatovning ehtimollar nazariyasining limit teoremalariga bag‘ishlangan 100 ga yaqin ilmiy ishlari matbuotda e’lon qilingan. Shuningdek, talabalar uchun o‘zbek tilida (S. X. Sirojiddinov bilan birgalikda) “Ehtimollar nazariyasi va matematik statistika” o‘quv qo‘llanmasi chop etilgan.
M.Mamatov ilm - fan yo‘nalishidagi mehnatlari uchun orden va medallar bilan mukofotlangan. U Beruniy nomli O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofoti laureata (1973 yil), “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan xalq maorifi xodimi” unvoni hamda “El - yurt hurmati” ordeni sovrindoridir.