Ko‘hna Andijon o‘zining zehni o‘tkir farzandlari bilan faxrlansa arziydi. Bu zamin butun vodiy va respublikaga zahmatkash shifokorlarni tayyorlab berishi bilan ham mashhur va dilga yaqin e’zozli yurt.
Dilyaram Mashrapova ham ana shu yurt farzandi. U 1958 yilning 24 iyunida Andijon shahrida tavallud topdi. Bolaligida adabiyotni sevgan, she’rlar yozgan Nubuvatxot momoning uzundan - uzun ertaklarini eshitib, katta bo‘lgan. Deyarli har kuni ertaklar olamida yashagan qizcha kitob o‘qishni kanda qilmagan. Qizdagi go‘zal xislatlar, insoniy fazilatlar, ayniqsa, beg‘uborlik va samimiylik onasi Muxtabarxon ayadan o‘tgan. Otasi faxrli inson Zokirjon Mashrabov qizini shifokor bo‘lishini orzu qilgan. Dilya¬ram otasining so‘zlarini yerda qoldirmadi. U 1981 yilda Andijon davlat tibbiyot institutini tugatib, shu institutda klinika ordinatori sifatida ishladi. 1983 - 1986 yillarda ichki kasalliklar mutaxassisligi bo‘yicha aspiranturada o‘qidi. 1986 - 1999 yillar davomida ADTIning ichki kasalliklar kafedrasi assistenti va kafedra dotsen¬ta sifatida faoliyat olib bordi. Ish faoliyati davomida amaliy va nazariy bilimlarini tibbiyot amaliyotiga tatbiq etib, 32 ta maqola, 4 ta ratsionalizatorlik taklifi va 4 ta aktvnedreniyalar muallifi bo‘ldi.
1999 yildan buyon “O‘zbekiston Temir yo‘llari” davlat aktsionerlik temir yo‘l kompaniyasi sog‘liqni saqlash xizmati Andijon bekati birlashgan shifoxona bosh shifokori.
Dilyaramning ismi sharifi sizga tanish tuyulgandir? Ha, yanglishmadingiz, u - Bobur Xalqaro jamoat fondi raisi Zokirjon Mashrabovning to‘ng‘ich qizi.
Otam singlim ikkimizni ham shifokor bo‘lishimizni xohladilar, - deydi u. Bugun neki muvaffaqiyatga erishgan bo‘lsak, bunda otamizning alohida hissasi bor. Bizni bolalikdan bilimga chanqoq, o‘zimizga nisbatan talabchan etib tarbiyaladilar. Ularning o‘gitiga amal qilib kam bo‘lmayapmiz.
Dilyaram Mashrapova - tibbiyot fanlari nomzodi, 1988 yilda “Inbred oilalarida YuIKni populyatsion - genetik tarqalishini tekshirish” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan. U - faxriy temiryo‘lchi ham. 200 nafarga yaqin xodimlarga mehribon rahbar. U “Beshikdan to qabrgacha ilm izla” degan aqidani hayotiy shioriga aylantirgan. Bolaligida buvisi Nubuvatxon ayadan eshitgan ertaklari hamon yodida. Badiiy kitoblar o‘qishni yaxshi ko‘radi. She’riyat ham unga begona emas. Yozgan satrlarida odamiylik, muhabbat, ota - onaga hurmat, ezgulikni tarannum etadi. Hozirda ingliz tilini mukammal o‘rganishga kirishgan.
Bir so‘z bilan aytganda, uning qalbida hamisha bahor. Alloh uni egiz farzandlar berib siylagan. Fotimaning kasbi hisobchi, onasi bilan bir jamoada ishlab kelyapti. Zuhra Bobur xalqaro jamoat fondi Toshkent shahar filiali ish yurituvchisi. Sarvarbek Toshkent iqtisodiyot universiteti talabasi. Besh nafar nabira Dilyaram opaning baxt g‘unchalari. Javohir, Bekzod, Ko‘hinur, Akbarshoh, Imronshohlar beg‘ubor sho‘xliklari bilan ota - onasi va butun oilaga quvonch bag‘ishlab turadi.
Qalbingizdan bahor arimasin, deymiz Dilyaram opaga!