Yerni ulug‘lamoq ,avvalo, elni ulug‘lamoq, so‘ngra rizqu nasibani qadrlashdir, deydi donolar. Yurtdoshimiz orasida Ezozaxon opa singari yer mahnatidan qochmay, unga mehr berib, rizq, undiradigan insonlar ko‘pchilikni tashkil etadi. E’zozaxon Quva tumani Tolmozor qishlog‘ida serfarzand oilada tug‘ilib tirishqoq, mehnatsevar bo‘lib ulg‘aydi. Ayniqsa, ona zamin uyg‘onadigan bahor kezlarida E’zozaxonning bir g‘ayratiga o‘n g‘ayrat qo‘shiladi: tomorqani turli gullar, sabzavotlar bilan to‘ldirib yuboradi. U bor joyda bekor yotgan yerni ko‘rmaysiz. E’zozaxon ulg‘ayib ham bu qiziqishini tashlamadi, maktabda ham yaxshi baholarga o‘qidi. Maktabni tugallab tumandagi M. Sherbo‘taev nomli xo‘jalikka a’zo bo‘ldi. Keyinchalik Andijon paxtachilik institutida tahsil olib, olim-agronom mutaxassisligiga ega bo‘ldi.
Shundan so‘ng sobiq shirkat xo‘jaligida pillachilik boshlig‘i, paxtachilik brigadasi sarkori bo‘lib ishladi. Qishloq xo‘jaligi sohasida orttirgan boy tajribasi, o‘zlashtirgan bilimlariga tayanib, 2005 yilda tumanda Akmaljon Matmusaev nomli fermer xo‘jaligiga asos soldi. Endilikda mazkur fermer xo‘jaligining rahbari sifatida faoliyat yuritmoqda. E’zozxon rahbarligida fermer xo‘jaligi jamoasi yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, tuproq unumdorligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratib, so‘nggi yillarda qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha mo‘l va barqaror hosil olib, tumanning yetakchi fermer xo‘jaliklari safidan joy oldi. U tuman kengashi deputati hamdir.
Xududagi kam ta’minlangan oilalarga ko‘maklashish, keksa va nogironlarni ijtimoiy himoyalash ishlarining olib borilishi- da E’zozaxonning xizmatlari katta. Uning bu borada amalga oshirayotgan xayrli ishlari e’tiborga munosibdir.
E’zozxonning «O‘zekiston Respublikasi mustaqilligining 10 yilligi» hamda «O‘zekiston Respublikasi mustaqilligining 15 yilligi» ko‘krak nishonlari bilan taqdirlanishi vatan manfatlari yo‘lida ado etilgan kamtarona mehnatlari va fidoyiligining o‘ziga xos e’tirofidir.