O‘zbekiston Ilm-Fani: Tarixi va rivoji

Akademiklar

O‘zbekiston Respublikasi
Fanlar akademiyasi

Fundamental kutubxonasi
Akademiklar

Mirtojiyeva Karomat Tohirovna

    O‘zbekiston Milliy universiteti fizika fakulteti dotsenti Mirtojiyeva Karomat Tohirovna astronomiya mutaxassisligi bo‘yicha O‘zbekistonda birinchi olima ayol hisoblanadi. 1982 yildaToshDU (Hozirgi O‘zMU)ning “Nazariy fizika” kafedrasini imtiyozli diplom bilan tugatgan Karomat Mirtojiyeva ana shu o‘quv dargohida avvaliga fakultetda laborant, katta laborant, kichik va katta ilmiy xodim lavozimlarida ishladi. 1989 - 1996 yillarda ToshDU (O‘zMU) ning o‘qituvchilar tajribasini oshirish fakultetida (hozirgi OPI) injener - programmist bo‘lib ishladi. 1996 - 2004 yillarda O‘zRFA Astronomiya institutida kichik, katta va yetakchi ilmiy xodim lavozimlarida o‘z mehnat faoliyatini davom ettirdi.
  U talabalik yillaridayoq Koinotning “g‘ishtlari” - galaktikalarning noyob spiralsimon, linzasimon va aniq elliptik shakllarda bo‘lish sabablari hamda fizik mexanizmlarini aniqlash bo‘yicha ilmiy izlanishishlarini olib borib, Eynshteynning kollapslanuvchi modelining gravitatsion beqarorligi masalasini ilk bor tadqiq qilgan hamda bu beqarorlikning ikkita yangi mexanizmini topgan. U topgan ushbu natijalar galaktikalar vujudga kelishida asosiy mezon ekanligi ancha keyin Amerikalik va Koreyalik olimlar tomonidan ham topildi. Shundan keyin u uzoq yillar davomida, Koinotini eng ulkan masshtabdagi tuzilmalari bo‘lmish galaktikalar to‘dalarining to‘dalari, ya’ni galaktikalar o‘ta to‘dalari juda yupqa disksimon ko‘rinishda ekanligini hisobga olgan holda, bu ob’ektlarning yuzaga kelish mezonlari hamda rivojlanish evolyutsiyasi fizikasi muammolarini ularning boshlang‘ich holatlari uchun analitik modellar tuzish bilan, hamda dunyoda birinchi bo‘lib, nochiziqli nostatsionar disksimon ob’ektlar fonida gravitatsion g‘alayon evolyutsiyasini o‘rganish orqali tadqiq qildi. Uning qo‘lga kiritgan ilmiy natijalari nafaqat astrofizik tuzilmalarga balki plazma fizikasi va qator boshqa dinamik tuzilmalarga ham bevosita qo‘llash imkoniyati bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Olingan natijalar asosida u 2002 yilda Astrofizika, radioastronomiya ixtisosligi bo‘yicha “Disksimon to‘qnashmaydigan o‘zgravitatsiyalanuvchi tizimlar evolyutsiyasining boshlang‘ich bosqichi beqarorliklari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. Natijada Mirtojiyeva Karomat Tohirovna Astronomiya mutaxassisligi bo‘yicha O‘zbekistonda birinchi olima ayol sifatida tanildi.
  U 2004 yildan O‘zMU Astronomiya kafedrasida dotsent lavozimida, 2007 - 2010 yillar davrida shu kafedra mudiri lavozimida faoliyat olib bordi. Bundan tashqari u O‘zRFA va Oliy ta’limning muhim tadqiqotlari yo‘nalishida ko‘plab ilmiy byudjetlar rahbari hamda UNTS va DFG  byudjetlari a’zosi sifatida faol ilmiy izlanishlar olib borib, doktorlik dissertatsiyasi ustida ishladi.
  Olima 100 ga yaqin ilmiy maqola, 4 ta o‘quv qo‘llanma va 1 ta uslubiy qo‘llanma muallifidir, shu jumladan u qator xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy anjumanlarda o‘z ilmiy ishlari bilan qatnashib kelishi bilan dunyoga taniqli olima hisoblanadi. U talaba va aspirantlarga nazariy bilim berishga katta e’tibor beruvchi olimaligiga qaramay, zamonaviy astrofizikaning kuzatuv ma’lumotlarini to‘plash, Qashqadaryo viloyatidagi Maydanak baland tog‘ astrofizik observatoriyasida qo‘lga kiritilgan ma’lumotlarni tahlil qilish, noyob ob’ektlarning kataloglarini ilk bor tuzish kabi amaliy ishlarga uning qiziqishi katta. Masalan, u zamonaviy hech bir teleskop orqali Yerdan kuzatishning iloji bo‘lmagan, Koinotda bizdan eng uzoqdagi “chaqaloq” galaktikalarning - kvazarlarning tabiiy ravishda nurlarini yig‘ib beruvchi “Gravitatsion linzalar” bo‘yicha noyob kuzatuv tasvirlarini kompyuterda qayta ishlash va real kvazarning bu linza atrofida ko‘rinayotgan mavhum tasvirlari ravshanligining o‘zgarish qonuniyatlarini axtarish bo‘yicha ham yirik mutaxassis ekanini Yevropa olimlari ham tan olgan. Shu sababli Karomat Mirtojiyeva, masalan, Germaniyaning Potsdam Astrofizika institutiga va Maks Plank jamiyatiga qarashli Xeydelberg astronomiya institutiga hamkorlikda ishlash uchun taklif qilinib, u yerda birgalikda qiziqarli ilmiy natijalarga erishgan olimadir. U hozirda Yevropa astronomiya jamiyati a’zosi hamda Xalqaro Isaak Nyuton instituti xodimidir. Karomat Mirtojiyeva ilmiy - pedagogik faoliyati jarayonida bakalavriat va magistratura talabalariga ixtisoslik va tanlov fanlaridan yetarlicha ilmiy - nazariy hamda o‘qitishning ilg‘or uslublarini qo‘llagan holda dars berib, bitiruv ishlari va magistrlik dissertatsiyalariga ilmiy rahbarlik qilib kelmoqda.
  Hozirgi kunda u “Astronomiya va atmosfera fizikasi” kafedrasida faoliyat olib borish bilan birga, O‘zRFA Astronomiya institutining “Galaqtik astronomiya va kosmogoniya” bo‘limida yetakchi ilmiy xodim lavozimida ishlab kelmoqda. U “Disksimon galaktikalarda asosiy tarkibiy tuzilmalar shakllanishining nochiziqli nazariyasi” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini himoyasi arafasida.
  Mirtojiyeva Karomat Tohirovna jamoat ishlarida faol ishtirok etib, mas’uliyatli vazifalarni bajarib kelmokda. U siyosiy jihatdan yetuk pedagog, har ishda tashabbuskor va yaxshi tashkilotchi hamda o‘ziga topshirilgan vazifalarni mas’uliyat bilan bajaradi.



Kitoblari. Maqolalari. Ilmiy-tadqiqot ishlari. Yutuqlari

service-icon

Aniq fanlar

Aniq fanlar tarkibiga matematika, informatika kabi fanlar kiradi.

service-icon

Ijtimoiy-gumanitar fanlar

Ijtimoiy-gumanitar fanlar qatoriga antropologiya, arxeologiya, iqtisodiyot, siyosat , sotsiologiya, tarix, huquqshunoslik, psixologiya kabi fanlar kiradi

service-icon

Tabiiy fanlar

Tabiiy fanlar sirasiga astronomiya, fizika, geografiya, kimyo, biologiya kabi fanlar kiradi.

service-icon

Filologiya

Filologiya tarkibiga tilshunoslik, adabiyotshunoslik kabi fanlar kiradi.

Aniq fanlar10



Ijtimoiy-gumanitar fanlar5



Tabiiy fanlar80



Filologiya5