Globallashuv , texnik taraqqiyot bolalarda ruhiy zo‘riqish , stress holatalarini keltirib chiqarmoqda. Kompyuter oldida muntazam o‘tirish, jangari filmlar ham o‘zining salbiy tasirini ko‘rsatmoqdaki, bu holatlar bolalar psixiatrlar oldiga shunday vazifani qo‘yadi: ularni yomon illatlar ta’siridan saqlash, ruhiy zo‘riqishlarga barham berish.
Asab tolalarining taranglashishi inson miyasida qo‘zg‘alishni keltirib chiqaradi, - deydi Namangan viloyati ruhiy - asab kasalliklari dispanseri bo‘lim mudiri Dildora Mirzakarimova. - Bu taranglik sog‘lom bolani ham o‘z domiga tortishi mumkin. Shuning uchun ham beparvolikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Chunki bugun butun dunyo aholisi ham stress, charchash, ruhiy toliqishlardan aziyat chekmoqda. Haddan tashqari shovqinning ko‘pligi, mashinalar yo‘lidagi tirbandlik, internet ta’siriga tushib qolish holatlari ham asab kasalliklarini keltirib chiqarmoqda.
Dildora bilan suhbatga kirishsangiz, u o‘z sohasi bo‘yicha maslahat va tavsiyalarini berishdan charchamaydi. Insonning yaxshi ruhiy holati uning yashashga intiqligini ta’minlaydi. Tana va ruh mutanosibligi yuzaga kelgandagina salomatlik joyida bo‘ladi.
Ba’zan atrofimizda tani sog‘, lekin ruhi nosog‘lom kishilarga duch kelamiz. Ulardagi eng yomon odat - atrofdagilarga nafrat, o‘ziga ishonchsizlikning yuzaga kelishi. Ana shunday noxush holatlarda asab kasalliklari bilan og‘rigan bemorni to‘g‘ri davolash kerak.
Dildoraning zimmasidagi mas’uliyat haqida o‘ylaganimda, ana shu fikrlar xayolimdan o‘taveradi. Chunki uning tanlagan kasbi o‘ta mas’uliyatli. Atrofi tog‘lar bilan o‘ralgan Yangiqo‘rg‘onning so‘lim Nanay qishlog‘ida, 1978 yilning 8 mayida tavallud topgan Dildoraning tabiatida tog‘ qizlariga xos qat’iyat, jur’at va shijoat bor. Bolaligidan ilm olishga ishtiyoqi baland edi. Maktab davrida matematika, kimyo, fizika fanlarini chuqur o‘rgandi. Kimyo fanidan o‘tkaziladigan fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lib, tuman,viloyat bosqichlarida faol ishtirok etdi. Ustozlari Sayfiddin Mamadaliev, rahmatli Majid Hamidovdan kimyo, biologiya fanlarini chuqur o‘rgandi.
Dildora oq xalatli shifokorlarning inson salomatligini saqlashdagi xizmatlarini ko‘rib, ularni yer yuziga Alloh tomonidan yuborilgan farishtalar deya o‘ylardi. Ularni ko‘z oldiga keltirganida, yuragida cheksiz hayajon uyg‘onar, ular kabi bo‘lishni orzu qilardi. Orzu - havas qat’iyatga aylanib, Andijon davlat tibbiyot institutiga hujjat topshirib, test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tdi.
Mutaxassis sifatida 2003 - 2004 yillarda Nanay qishlog‘i ambulatoriyasida uchastka vrach - pediatri bo‘lib ishladi. So‘ng, aniqrog‘i 2004 yilda viloyat ruhiy asab kasalliklari dispanseriga ishga keldi. O‘tgan davr mobaynida bolalar bo‘limi hudud vrach - psixiatri, bolalar bo‘limi mudiri, sud psixiatrik eksperti lavozimlarida faoliyat ko‘rsatdi. Ayni vaqtda bo‘lim mudiri bo‘lib ishlamoqda.
Inson qalbi juda nozik, bir gap bilan uning ko‘ngli tog‘dek ko‘tarilishi, aksincha, chil - parchin bo‘lishi mumkin, - deydi Dildora. Hayotdagi arzimagan mayda tashvishlarga diqqati oshib, asablari charchagan insonlar bilan ko‘p suhbatda bo‘laman. Ularga ruhiy dalda berib, hayot eng aziz ne’mat ekanini qayta - qayta uqtiraman. Shirin so‘z shifo, deydilar. Ba’zan so‘zimizdan ta’sirlanib, shifo topganlar ham ko‘p. Shuning uchun tibbiyot xodimi birinchi galda tili shirin, fe’li keng, qalbi ochiq bo‘lishi kerak. Ayrim insonlarning giyohvand modda, spirtli ichimliklar iste’mol qilishi ularning farzandlarini ruhiy nosog‘ bo‘lib dunyoga kelishiga sabab bo‘lmoqda. Bunday tug‘ma nosog‘ insonlarni davolashga tibbiyot ham ojizlik qiladi. Shuning uchun targ‘ibot - tashviqot tadbirlarida bu hakda ko‘p ma’ruzalar o‘qiyman.
Dildoraning kuyunchaklik bilan aytgan so‘zlarida jon bor. Uningdek shifokorlar el baxtiga omon bo‘lsin, deya tilak bildirgimiz keladi.