Lola Mo‘minova 35 yildan buyon Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida turli lavozimlarda mehnat qilib kelmoqda.
Shuningdek, olima Oliy va o‘rta maxsus ta’lim muammolari institutida ilmiy kengash a’zosi sifatida oliy ta’lim tizimini takomillashtirish ishida faol ishtirok etib kelgan.
O‘quv pedagogik ishlarni rivojlantirishda Lola Mo‘minova xorij mamlakatlari tajribasidan, jumladan Isroildagi dunyo andozasiga mos tarzda olib boriladigan defektologiya faniga oid dasturlardan va maktabgacha yoshdagi bolalarni savodga o‘rgatish uslubiyatidan muvaffaqiyatli foydalanib kelmoqda.
Lola Mo‘minova pedagogik tashkilotchilik faoliyatini ilmiy faoliyat bilan bilan uyg‘un holda olib borayotgan o‘z - o‘ziga talabchan olima va jamoat rahbari. Uning qalamiga mansub 300 dan ortiq ilmiy ishlar chop etilgan bo‘lib, ular monografiya, darslik, o‘quv dasturlari, xalqaro va respublika miqyosidagi anjumanlar, ilmiy to‘plam maqollaridan iboratdir. Olima o‘z ilmiy ishlarida maxsus maktabgacha tarbiya muassasalarida ta’lim - tarbiya, korrektsiya ishlari, bolalarda nutq buzilishlari, ularni namoyon bo‘lishi va bartaraf etish yo‘llari, ularni savodga o‘rgatish masalalarini ilmiy - amaliy nuqtai nazardan talqin etgan.
Lola Mo‘minova 150 ga yaqin Respublika va Xalqaro ilmiy - nazariy, ilmiy - amaliy, ilmiy - uslubiy anjumanlarda ma’ruzalar, respublika televideniesi va radiosi orqali mazmunli chiqishlar bilan qatnashib, o‘z pedagogik bilimlarini mutaxassislar o‘rtasida targ‘ib etib kelmoqda.
U universitet, respublika miqyosidagi hamda Xalqaro ilmiy - seminarlarda defektologiya fanining muhim masalalariga bag‘ishlangan mavzularda ma’ruzalar qilib kelmoqda. Shu bilan birga respublika, viloyat, shahar malaka oshirish institutlarida, oliy tajribali xodimlar tayyorlash ishlarida o‘z ma’ruzalari bilan samarali qatnashib kelmoqda.
Maxsus o‘quv-pedagogik ishlarni rivojlantirishda Lola Mo‘minova jahon andozalariga mos keladigan defektologiya faniga oid zamonaviy texnologiyalardan, mazmun va shakllardan, ta’lim- tarbiya uslubiyatidan samarali foydalanmoqda. Lola Mo‘minova bir necha respublikada "Goya va Zamon", Qozog‘istonda "Spetsialnaya pedagogika", Rossiyada "Defektologiya", "Almanax" jurnallarida tahrir hay’ati a’zosi.
Olima tashabbusi bilan nogiron bolalargayordam ko‘rsatuvchi nodavlat o‘quv korrektsion - reabilitatsion markaz tashkil etgan bo‘lib, ushbu markaz nutqi, eshitish, ko‘rishi, aqli zaif bo‘lgan bolalarga korrektsion - pedagogik yordam ko‘rsatish bilan birga talaba va pedagoglarning darajasini oshirishga va ijtimoiy himoyalashga ham yordam berib kelmoqda. Professor Lola Mo‘minova respublikamizda kadrlar tayyorlab berish borasida jonbozlik ko‘rsatayotganini alohida ta’kidlash lozim. Uning ilmiy rahbarligida maxsus pedagogika yo‘nalishida 13 ta fan nomzodi tayyorlangan. Hozirgi kunda 3 nafar doktorantga va 3 nafar mustaqil tadqiqotchiga ilmiy rahbarlik qilib kelmokda.
Hozirgi kunda pedagogik faoliyati bilan birga rahbarlik lavozimida, ya’ni Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazida ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
So‘nggi yillarda olib borgan ishlari, tinimsiz izlanishlari, O‘zbekistonda "Alohida ehtiyojli bolalar uchun inklyuziv ta’lim" loyihasini tashkiliy, metodik, kadrlar tayyorlash borasidagi ishlari, imkoniyati cheklangan bolalarni sog‘lom tengdoshlari qatoriga qo‘shib ta’lim - tarbiya berish, ularni ilk yoshidan ijtimoiy hayotga joriy etishdagi sa’yharakatlarining o‘zi g‘ayratli, ilmiy salohiyati yuksak, qalbi ezguliklarga to‘la ustoz olimaning savobli ishlari sirasidandir.
Professor Lola Mo‘minovaning hayoti, mehnati, ilmiy faoliyati Respublikamizda mustaqillikni mustahkamlash va rivojlantirish va milliy maxsus pedagogika fanini yuksaltirish hamda imkoniyati cheklangan bolalarga va o‘smirlarga korrektsion-rivojlantiruvchi ta’lim-tarbiya berish, ularni jamiyatning to‘laqonli a’zolariga aylantirish bilan chambarchas bog‘langan. U respublikada o‘zining iqtidori, talabchanligi va mehribon ustozligi bilan hamkasblari hamda shogirdlari hamda keng ja- moatchilik ichida hurmat qozonib kelmoqda.