Toshkent Davlat Milliy raqs va Xoreografiya oliy maktabi dotsenti, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, raqs san’atining fidoyilaridan, ana shu san’at turini o‘rganib, ilmiy ishlar qilib, u haqida o‘quv qo‘llanmalari, risolalar yaratgan pedagog - olima, taniqli baletmeyster Muxamedova O‘g‘iloy Nizomovna o‘zbek milliy raqs san’atini yoshlarga o‘rgatib kelayotgan jonkuyar ustozlardan.
Bolalikdan raqsga qiziqqan, Xoreografiya bilim yurtini, so‘ngra Toshkent Davlat Madaniyat oliygohi (Hozirgi Madaniyat va san’at instituti)ni tugatgan O‘g‘iloy Muhamedova 20 yil - 1968 yildan 1988 yilgacha o‘sha mashhur, ko‘n qizlarning orzusi, havasi bo‘lgan “Bahor” raqs ansamblida faoliyat ko‘rsatdi. O‘zbek raqs san’atini dunyoga yoyishda, uning go‘zal va maftunkor sehri orqali muxlislar qalbini zabt etishda uning ham hissasi katta. 37 yoshida Davlat qarori bilan nafaqaga chiqgach, O‘g‘iloy Muhamedovaning hayotida pedagoglik, ustozlik faoliyati boshlandi. 1989yildan 1991 yilgacha “Bulbulcha” bolalar xorida raqs sahnalashtiruvchi, 1991 yilda “Tanovar” ansamblida “baletmeyster” lavozimida 1993 - 1996 yillarda Yunusobod tumani 260 - o‘rta maktabda “Mukarrama” raqs to‘garagi rahbari sifatida ishladi. 1997 yildan, to hozirgi kungacha Toshkent Davlat Milliy raqs va Xoreografiya oliy maktabida faoliyat yuritib kelmoqda. Hozirgi kunda “Xoreografiya” kafedrasi mudiri lavozimida ishlab kelmoqda.
Dotsent O‘g‘iloy Muhamedova 2003 yilda maxsus taklifnoma asosida Urumchi shahridagi Shinjon sanat instituti, Uyg‘ur raqs san’ati bo‘limida tajriba almashib, o‘zbek raqsini targ‘ib qilib: Farg‘ona, Buxoro, Xorazm raqs maktablari nazariyasi va uslubiyatini o‘rgatib qaytdi. Uyg‘ur xalq raqs san’ati haqidagi fikrlar va ma’lumotlarni to‘plab, 2009 yili “Uyg‘ur xalq raqsi” va 2011 yilda “Milliy raqslarni o‘rgatish uslubiyati” o‘quv - qo‘llanmalarini yaratdi. O‘quv qo‘llanmani yaratishdan maqsad “Uzbek raqsi” fanidagi asosiy muammo, ya’ni uyg‘ur raqsi qo‘l va oyoq holatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish va tizimlashtirish edi. Hozirgi kunda barcha xoreografiya yo‘nalishida ta’lim olayotgan o‘quvchi talabalar ushbu o‘quv qo‘llanmadan foydalanib kelishmoqda.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, taniqli baletmeyster Muhamedova O‘g‘iloy Nizamovna milliy bayramlarimizda, turli festivallarda, o‘z ilmi, tajribasi, san’atini namoyon etib, sahnalashtiruvchi baletmeyster sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda. Jumladan, 1999 yildan 2004 yilgacha “Mustaqillik bayramlari”da, 1999 yildan 2005 yilgacha “Navro‘z” umumxalq bayramlarida, 1997 yil va 2007 yillara “Sharq taronalari” Xalqaro musiqiy festivalida, shuningdek Samarqand shahrining 2750 yilligi, Buxoro, Termiz shaharlarining 2500 yilligi, Xorazm shahrida “Avesto” kitobining 2700 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanalarda sahnalashtiruvchi baletmeyster sifatida o‘z san’atini, tajribasini yana bir karra namoyon etdi. Shu bilan birga san’atkor, olima va pedagog O‘g‘iloy Nizamovna 2006 yil Belgiyada o‘tkazilgan “Marsinel – 2006” xalqaro bayramida “O‘zbegim yoshlari” nomi ostida namoyish etilgan raqslarda, Malayziyada bo‘lib o‘tgan “Hosil – 2007” Xalqaro festivalida sahnalashtiruchi baletmeyser sifatida qatnashib, tadbirlarning go‘zal, esda qolarli, jo‘shqin o‘tishida o‘z hissasini qo‘shib keldi. Ko‘pgina teleloyihalarda, telemusobaqalarda tajribali raqs ustasi baletmeysterlik mahoratini yoshlar bilan bo‘lishib keladi.
O‘g‘iloy Muhamedova turmush o‘rtog‘i Ashur aka Muhamedov bilan birgalikda ikki nafar farzandni, ahillikda, mehru muhabbatda voyaga yetkazdilar. Saidaxon - pedagog, oilali, bir farzandning onasi, Madinaxon - ona izidan borib, hozirda Toshkent Davlat Milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi magistranti. Oilali. Ikkita farzandi bor.
O‘g‘iloy Muhamedova o‘zbek san’atiga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan tajribali baletmeyster, olima bo‘lish bilan birga jamiyat va oiladagi burchini, vazifasini ikki qo‘lda tutib kelayotgan o‘zbegimning lobar, fidoyi ayollaridan.