Tarix fanlari doktori professor, “Shuhrat” medali sohibasi, “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni sohibasi. O‘zMU tarix fakulteti “O‘zbekiston tarixi” kafedrasi professori Murtazayeva Rahbarxon Hamidovna 1976 yildan o‘z mehnat faoliyatini o‘zi tahsil olgan ToshDU(hozirgi O‘zMU)da boshlab, to hozirgi kunga qadar ilmiy - pedagogik faoliyatini ushbu dargoh bilan chambarchas bog‘ladi.
1993 yildan 2014 yilga qadar O‘zMU tarix fakulteti “O‘zbekiston tarixi” (sobiq fakultetlararo) kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat ko‘rsatdi. Rahbarxon Murtazayeva mudirlik qilgan yillarda mazkur kafedra turdosh kafedralar orasida tayanch kafedra deb topildi.
Professor Murtazayeva Rahbarxon Hamidovna 1995 - 2004 yillar mobaynida O‘zbekiston Milliy universiteti ma’naviy - ma’rifiy va gumanitar ta’lim ishlari bo‘yicha birinchi prorektori lavozimida faoliyat ko‘rsatib, respublika ta’lim tizimi sohasida, Kadrlar tayyorlash Milliy dasturini amaliy hayotga tatbiq etish jarayoniga munosib hissasini qo‘shdi. Shu davrda universitet ta’lim va o‘qitish tizimida ro‘y bergan ko‘plab ijobiy o‘zgarish va yangilanishlarda olimaning hissasi katta bo‘ldi.
O‘zbekistonda millatlararo munosabatlar, kam sonli millatlar va bag‘rikenglik, tarixiy - demografik jarayonlar, ta’lim tizimi masalalari olimaning asosiy ilmiy yo‘nalishi hisoblanadi. Uning tashabbusi bilan 2006 yili respublikada ilk bora O‘zMUda “Millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik” ilmiy markazi ochildi. Professor Rahbarxon Murtazaeva Olima “Millatlararo munosabatlar va bag‘rikenglik tarixi” ilmiy maktabining asoschisi hisoblanib, bu sohada ko‘plab salmoqli ishlarni amalga oshirdi.
Professor Rahbarxon Murtazaevaning ilmiy rahbarligida hozirga kelib 20 ga yaqin tadqiqotchi o‘z ilmiy - tadqiqot ishlarini samarali ravishda davom ettirmoqdalar.Olima rahbarligida 3 nafar fan doktori, 30 ga yaqin fan nomzodlari tayyorlangan.
Professor Rahbarxon Hamidovna mustaqillik davrida respublikada birinchilardan “O‘zbekiston tarixi” fanini oliy ta’lim o‘quv dasturiga kiritish tarafdori bo‘lib, uning rahbarligida ilk bor milliy istiqlol ruhi aks etgan, avval O‘zbekiston tarixidan ma’ruzalar matni, so‘ngra o‘quv qo‘llanma va darsliklar nashr etildi.
Olima rahbarligi ostida 2003 yili 45 bosma bosma taboqdan iborat “O‘zbekiston tarixi” darsligi nashr etildi. Ushbu darslik 2005 yili lotin alifbosida ham chop etildi. 2002 yili rus tilida chop etilgan. “Istoriya Uzbekistana” o‘quv qo‘llanmasi bir necha bor qayta nashrdan chiqib, 2011 yili shu nomdagi 22 bosma taboqdan iborat oliy o‘quv yurtlari uchun darslik chop etildi.
Milliy universitet tarixi mavzusi Rahbarxon Murtazayeva rahbarlik qilayotgan kafedra jamoasi ilmiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
17 yildan beri turli ilmiy byudjet loyihalariga rahbarlik qilib kelmoqda. Hozirda u rahbarlik qilayotgan “O‘zbekiston tarixi fanidagi innovatsiyalarni oliy ta’lim tizimiga tatbiq etish” byudjeti loyihasi doirasida oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun uch jildlik “O‘zbekiston tarixi” darslik nashr qilindi.
2008 yildan hozirga qadar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi qoshidagi Muvofiqlashtiruvchi kengashning gumanitar fanlar bo‘yicha o‘quv - uslubiy komissiyasi raisi sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda.
Rahbarxon Murtazaeva 2009 yildan O‘zbekiston xotin - qizlar “Olima” uyushmasi raisi lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Keyingi yillarda “Olima” uyushmasi xotin - qizlar ilmiy salohiyatini yuksaltirish, iqtidorli yosh qizlarni ilmga yo‘naltirish borasida qator salmoqli ishlarni amalga oshirmoqda. Xususan, respublika miqyosida o‘tkazib kelinayotgan “Ilm yulduzlari” ko‘rik - tanlovi yosh ayol - qizlar o‘rtasida ilmiy salohiyatni ko‘tarish ishiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Shuningdek, olima “Zulfiya” mukofotini taqdim etish bo‘yicha Davlat komissiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi xotin - qizlar qo‘mitasi rayosatining a’zosi hamdir.
Professor Murtazayeva Rahbarxon Hamidovna bir qator xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy anjumanlarda faol ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, Italiya (Boloni), Germaniya (Darmshtadt), Xitoy (Pekin), Rossiya (Saransk), Qozog‘iston (Olma-ota), Nyu-York (AQSh), Davos (Shvetsariya)larda bo‘lgan xalqaro anjumanlarda, Xiva, Buxoro, Samarqand, Marg‘ilon, Toshkent shaharlari yubileylariga bag‘ishlagan xalqaro konferentsiyalarda ma’ruzalar bilan ishtirok etgan. Oliy ta’lim sohasi jarayonlarida faol ishtiroki uchun O‘zbekiston Milliy universitetining “Yuksak xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.
Olima tashabbusi va rahbarligida bir qator respublika va xalqaro miqyosda ilmiy - amaliy anjumanlar tashkil qilindi. Faqatgina 2003 - 2013 yillar oralig‘ida 4 ta respublika, 3 ta xalqaro miqyosda konferentsiyalar o‘tkazildi. U tomonidan yaratilgan “O‘zbekistonda millatlararo munosabatlar va bag‘rikenglik” fani Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan 2007/2008 o‘quv yilidan boshlab respublika oliy o‘quv yurtlari tarix fakultetlari magistrantlari uchun asosiy fan sifatida o‘qitilib kelinmoqda.
Professor Murtazayeva Rahbarxon Hamidovna 300 dan ziyod ilmiy, o‘quv - uslubiy ishlar muallifi.