Sharqshunos olim V. Maskolyev O‘zbekistonlik xotin - qizlarning hayoti va turmush tarzini o‘rganib chiqqandan so‘ng ularga : “ O‘zbek ayolining tabiatida tug‘ma jo‘shqinlik , tug‘ma qiziquvchanlik va tug‘ma tabiatida tug‘ma jo‘shqinlik, tug‘ma qiziquvchanlik va tug‘ma aql mavjud", - deb ta’rif bergan. Aslida ham shunday.
Ayniqsa, olima ayollarimiz butun kuch va e’tiborini jamiyat tarakkiyotiga sarfetadilar, bu yo‘lda tinimsiz izlanishlar olib borishadi, maqsadga yetmagunlaricha tinib - tinchishmaydi. Asosiysi, ular ham oilada, ham jamoada faol, buning ustiga yaxshi fazilatlari bilan o‘zgalarni ezgulik yo‘liga boshlaydilar. Professor Dilbar Najmutdinova xuddi shunday ayollardan. Mehribon, kezi kelganda o‘ta talabchan, shogirdlariga g‘amxo‘rligi va o‘z kasbiga fidoyiligi bilan ajralib turadi. Yoshlar bilan ishlash, ayniqsa, olimaga zavq - shavq bag‘ishlaydi. “Yoshlar hayotimizning ertangi qiyofasini yaratishadi, ularga e’tiborli bo‘lmog‘imiz kerak”, - deydi u.
U o‘rta maktabni tamomlagach, 1976 - 1982 yillarda Toshkent davlat tibbiyot institutining davolash fakultetida tahsil oldi. Ilm dargohini tugatganidan so‘ng, 1982 - 1984 yillarda Respublika akusherlik va ginekologiya ilmiy tekshirish institutida klinik ordinaturani o‘tadi. 1984— 1988 yillarda o‘zi o‘qigan Tibbiyot institutida aspiranturada o‘qidi. 1988 - 1991 yillarda vrach - ordinator bo‘ldi. 1991 - 1996 yillarda Dilbar Najmutdinova 2 - ToshDavTI Markaziy ilmiy - tekshirish laboratoriyasida katta ilmiy xodim sifatida faoliyat ko‘rsatdi.
Ilmiy izlanishlar olib borgan Dilbar Qamariddinovna 1988 yilda nomzodlik dissertatsiyasini, 1995 yilda esa doktorlik ilmiy ishini muvaffaqiyatli himoya qildi. 1996 yildan so‘ng olima 2 - Toshkent davlat tibbiyot insti¬tutida kafedra mudiri bo‘lib ishlay boshladi.
Ko‘p yillik samarali xizmatlari Dilbar Najmutdinovani yirik olim sifatida elga tanitdi. U kafedrada ham, jamoat ishlarida ham hamisha faol bo‘ldi, bir qancha mas’ul lavozimlarda o‘zining iqtidorli imkoniyatlarini namoyon qildi. 1998 - 2002 yillarda olima O‘zbekistan Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligida “Onalar kasalligi va o‘limiga qarshi kurashish” qo‘mitasining raisi bo‘ldi. 1998 - 1999 yillarda AQShdagi Chikago shtatining Illinoys universitetida hamda 2001 yilda Misr Arab Respublikasining Tibbiyot fakultetida malakasini oshirib qaytdi. 2005 yilda 2 - Toshkent davlat tibbiyot institutining o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori, o‘sha yilning avgust oyida Toshkent Tibbiyot akademiyasi ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor lavozimiga tayinlandi. Olimaning bevosita ishtiroki va harakati bilan akademiyaning markaziy ilmiy tekshirish laboratoriyasida bir qancha yangiliklar qilindi. Hozirgi paytda ham olima yetakchiligida ko‘plab amaliy, istiqbolli va innovatsion grant loyihalari ustida ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
Toshkent tibbiyot akademiyasi umumiy va radiatsion gigiyena kafedrasi dotsenti, xotin - qizlar kengashi raisi L.Abduqodirovaning professor Dilbar Najmutdinova haqidagi fikrnomasida shunday jumlalar bor:
“Dilbar Najmutdinova o‘z kasbining ustasi, qo‘li yengil shifokor, ish faoliyati davomida yuzlab, minglab chaqaloqlarning dunyoga kelishida doyalik qilgan, ko‘plab homilador ayollarga ko‘mak berib, maslahati va beminnat xizmatini darig‘ tutmagan. Oilada fozila, mehribon ona, vafodor yor, oqila uy bekasi. Turmush o‘rtog‘i Abdurasul aka Shukurov el tanigan jarroh. Biz Dilbar opa bilan faxrlanamiz. Bu olima ayolning mashaqqatlardan noliganini va og‘ir damlarda ishdan o‘zini chetga olganini hech qachon sezmaganmiz. Dilbar Qamariddinovna har qancha olqish va ardoqlarga munosib”.
Professor Dilbar Najmutdinova turli ekstragenital kasalliklar tufayli ona va bolada yuzaga keluvchi patologiyalarni tashxislash, davolash va oldini olishga bag‘ishlangan 130 dan ziyod ilmiy ish va 3 ta o‘quv darsligini yaratdi. 4 ta fan doktori va 13 ta fan nomzodlariga rahbarlik qildi. Yetuk va malakali shifokor hamda ajoyib rahbar ekanligini amalda namoyon etdi. Olima¬ning fidokorona mehnatlari munosib taqdirlangan. U 2009 yilda “O‘zbekistan Respublikasida xizmat ko‘rsatgan tibbiyot xodimi” sharafli unvoniga muyassar bo‘ldi. Ilm yo‘lida fidoyiligi va jonkuyarligi bilan elda azizu mukarram bo‘lgan professor Dilbar Najmutdinova milliy tibbiyotimiz ravnaqiga katta hissasini qo‘shayotgan olimlar qatorida.