Navro‘zova Gulchehra Ne’matovna falsafa fanlari doktori, Buxoro Oziq - ovqat va yengil sanoat texnologiyasi instituti falsafa kafedrasining mudiridir.
1952 yilning 23 martida Buxoro shaxrida dunyoga keldi. 10 - maktabni 1969 yili imtiyozli tugatib, Buxoro Davlat Pedagogika instituti (hozirgi Buxoro Davlat universiteti)ning tarix - geografiya fakultetiga o‘qishga kirdi. 1974 yili institutni imtiyozli tamomlab, shahardagi 14 - maktabda o‘qituvchilik qila boshladi. Maktab xayotiga faol qatnashgani uchun uni tarbiyaviy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimiga ko‘tardilar. Gulchexra Navro‘zova 1981 yildan Buxoro oziq - ovqat va yengil sanoat texnologiyasi institutining Falsafa kafedrasiga ishga o‘tdi. Taniqli olima, falsafa fanlari doktori, professor M. A. Axmedova rahbarligida 1990 yil nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. Lekin u bu bilan tinchib qolmadi.
Jaxonga keng yoyilgan tasavvufning Naqshbandiya ta’limoti, uning asoschilari, xususan Baxouddin Naqshband hayoti va ma’naviy - ma’rifiy merosini tadqiq eta boshladi. 2002 yil 17 oktyabr kuni O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Ibrohim Mo‘minov nomidagi Falsafa va huquq instituti ixtisoslashgan kengashida “Naqishbandiya tasavvufiy ta’limoti va barkamol inson tarbiyasi” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yoqladi. Falsafa fanlari doktori unvoni berildi.
Gulchehra Navro‘zova naqshbandshunos olima sifatida respublika va chet ellarda tanildi. Uning bu mavzuda 35 ta ilmiy maqolalari respublika va xorij jurnallarida, 10 ta ilmiy maqolalari xalqaro anjuman to‘plamlarida, 90 dan ortiq maqolalari respublika miqyosidagi anjuman to‘plamlarida chop etildi. Faylasuf olimaning 10 dan ortiq risola va “Amir Kulol va Baxouddin Naqshbandninig tasavvufiy dunyoqarashlari” (Buxoro, 1996 y.), “Abdulxoliq G‘ijduvoniy komil inson tarbiyasi haqida” (Buxoro, 2000 y.) va “Naqshbandiya tasavvufiy ta’limoti” (Buxoro, 2003 y.) monografiyalari chop etilgan.
Gulchexra Navro‘zova Naqshbandiyaga oid yozma manbalarni topib, tarjima va nashr etish bilan ham ilmiy jamoatchilikka tanildi. U Xoja Ali Romitaniyning “Risolai Azizon”, Bahouddin Naqshbandning “Avrod”, “Risolai hazrat Mavlavi Jomiy”, Salohiddin ibn Muborakning “Anis at tolibin”, Muxammad Porsoning “Risolai qudsiya”, Abdurahmon Jomiyning “Nafohot ul uns va hazorot ul quts” va Faxriddin Ali Safiyning “Rashahot ayn - al hayot” asarida Bahouddin Naqshbandga oid qismlarini tarjima etib, nashr etgan. Fanga qilgan xizmatlarini hisobga olib,
Antique World xalqaro ilmiy Akademiyasi 2004 yil 28 yanvarda Navro‘zova Gulchehraga Akademik diplomini topshirdi.
Gulchehra Navro‘zova O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Falsafa va huquq instituti bilan mustahkam aloqada bo‘lib, ilmiy - tadqiqot ishlarini olib bormoqda. Buxoro Oziq - ovqat va yengil sanoat texnologiyasi instituti Falsafa kafedrasida shu institutning falsafa tarixi bo‘yicha filialini tashkil etmoqda. Uning rahbarligida yosh tadqiqotchilar tasavvuf ta’limoti, uning komil inson tarbiyasi masalalarini chuqur o‘rganmoqdalar.
Gulchehra Ne’matovna Buxoroda Ibroxim Mo‘minov falsafiy o‘qishlarini o‘tkazish tashabbuskori bo‘lib chiqdi. Natijada Buxoro Oziq - ovqat va yengil sanoat texnologiyasi institutida 2004 yil 3 — 4 may kunlari respublika miqyosida “Ibrohim Mo‘minov falsafiy o‘kinglari” mazusidagi ilmiy - nazariy seminar o‘tdi va uning materiallari ikki jildlik to‘plam bo‘lib chop etildi.
Olima - pedagog institut ijtimoiy xayotida o‘z o‘rniga ega.1997 yildan 2002 yilgacha institutda Ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha prorektor bo‘lib ishladi. 2002 yildan u Falsafa kafedrasi mudiri lavozimida Kadrlar tayyorlap milliy dasturini amalga oshirish, falsafiy fanlarni o‘qitishda zamonaviy texnologiyani joriy etish bo‘yicha faol ish olib bormoqda.
Gulchehra Ne’matovna viloyat xotin - qizlari o‘rtasida ham o‘ziga xos va o‘ziga mos ishlar olib bormoqda.