Nazarova Zarifa Alimjonovna 1940 yilning 11 sentyabrida Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent Farmatseftika institutini 1963 yilda muvaffaqiyatli tamomlagan. Ilmga bo‘lgan qiziqishi sababli qator yillar davomida ilmiy izlanishlar qilgan va 1973 yilda «Surtma asoslarining soapstokdan olinish» mavzusida farmatsevtika fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Yana izlanishlarni davom ettirdi. Shu bilan barobar talabalarga ham o‘z bilganlarini o‘rgatdi. Ustozning mazmunli ma’ruzalari, qiziqarli suhbatlaridan qanchadan-qancha talabalar qoniqishgan, ilmlari doirasini kengaytirishgan demaysiz. 1996 yilda u doktorlik dissertatsiyasini ham yoqladi. Unnng 130 dan ortiq ilmiy maqolalar va tezislari chop etildi, 11 ta ihtirosi O‘zbekiston respublikasi Davlat patent ekspertizalaridan o‘tib tasdiqlangan.Z.Nazarova qator yillar davomida Toshkent Farmatsevtika institutining «Dori turlari texnologiyasi» kafedrasida avval assistent, so‘ng katta o‘qituvchi, dotsent lavozimlarida faoliyat yuritgan. 1989 -2003 yillar davomida «Maxsus dorilar texnologiyasi» kafedrasi mudiri lavozimida ish yuritdi. Uning sadoqatli mehnati «Mehnat faxriysi», «O‘zbekiston mustaqilligining 1 yilligi» ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan, 2000 yilda unga professor ilmiy unvoni berildi. Bugungi kunda Zarifa Alimjonovna «Dori turlari» kafedrasining professori. Uning talabalari respublikamizning deyarli barcha viloyatlarida faoliyat yurityaptilar. Iqtidorlilari uning kabi ilmiy izlanishlar qilib, turli ilmiy darajalarga erishdilar. Mehnatdagi fidoyilik, niyatning ezguligi professor Nazarovani elga tanitdi, odamlar orasida hurmat-e’tibor topishga sabab bo‘ldi.