Jamiyat taraqqiyotida, yurtimiz farovonligida, komil, yetuk mutaxassislarni tayyorlashda, ilm - fan rivojida olima ayollarimizning ham hissasi katta. Inson ilmning cheksiz hamda mashaqqatli yo‘llariga qadam qo‘yar ekan avvalo tanlagan sohasiga mehr, shuni mukammal egallashiga ishonch, zahmatlarini yelkasiga ortish uchun sabr - toqat kerak bo‘ladi.
Toshkent To‘qimachilik va yengil sanoat instituti professori Nigmatova Fotima Usmanovna ham ana shu yo‘llardan o‘tgan, uning ortidagi muvaffaqiyatlardan bahramand bo‘lgan, cheksiz masofalarni hanuz bosib o‘tayotgan fidoyi olimalardan. U 1984 yili Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutini imtiyozli diplom bilan tamomlab, “Tikuv buyumlari texnologiyasi” kafedrasida stajyor tadqiqotchi bo‘lib mehnat faoliyatini boshladi. Aspiranturada tahsil oldi.
1988 yilda “Razrabotka nredposыlok sozdaniya ratsionalnogo garderoba mujskoy odejdiy i sovershenstvovanie yee konstruktsii dlya klimaticheskix usloviy Sredney Azii” mavzusida nomzodlik dissertatsiya ishini himoya qildi. Shundan so‘ng “Tikuv buyumlarini konstruktsiyalash” kafedrasi assistenti, keyinchalik “Yengil sanoat mahsulotlari texnologiyasi va dizayni” kafedrasi dotsenti, 1999 - 2005 yillarda “Yengil sanoat mahsulotlari texnologiyasi va dizayni” kafedrasi mudiri lavozimida ishladi.
Texnika fanlari nomzodi ilmiy darajasiga va 1996 yilda dotsent ilmiy unvoniga erishdi. 2013 yildan to hozirgi kungacha “Tikuv buyumlarini konstruktsiyalash va texnologiyasi” kafedrasi professori lavozimida mehnat qilib kelmoqda.
Nigmatova Fotima Usmanovna ilmiy ishlarini davom ettirib, 2014 yili “Razrabotka texnologii izgotovleniya odejdiy iz mestnoy koji poviyshennogo kachestva s primeneniem noviyx polimerniyx materialov” mavzusida doktorlik dissertatsiya ishini himoya qildi. Chop etilgan ilmiy ishlari 115dan ortiq bo‘lib, jumladan, 2 ta monografiya: Nigmatova F. U., Alimova X.
Proektirovanie odejdiy iz naturalnoy koji / Izd.LAP LAMBERT Academick Publishing is a trademark of: OmniScriptum GmbH s Co/KG,Heinrich- Bocking –Str/ Saarbrucken ,Germany,2013.(Germaniyada) va Nigmatova F. U, Alimova X. Razrabotka metodov proektirovaniya assortimenta odejdы iz naturalnoe koji / Tashkent : “Fan va texnologiyalar markazi” , 2013 yilda chop etilgan.
Professor Fotima Usmonovna ilmiy izlanishlari bo‘yicha 16 ta patent olingan. Ilmiy maqolalardan 15 tasi nufuzli Xalqaro xorijiy jurnallarda chop etilgan. Shuningdek 9 ta o‘quv qo‘llanma va 2 ta darslikning hammuallifidir.
2006 yildan beri ikkita Davlat byudjeti, bitta innovatsion byudjet va bir necha xo‘jalik shartnomalariga rahbarlik qilib kelmoqda.
Nigmatova Fotima Usmonovna rahbarligida 3 nafar texnika fanlari nomzodi, 22 nafar magistr tayyorlagan.
Olima hozirgi kunda bir qator shogirdlari bilan birgalikda turli mavzuda ilmiy izlanishlar olib bormoqda.
Nigmatova Fotima Usmanovna bevosita boshchiligida MChJ “TRI STAR Technology” (Ruminiya va O‘zbekiston hamkorligi) firmasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Talabalarga dars o‘tish jarayoni uchun “Gemini CAD” dasturiy ta’minoti keltirilgan.
Fotima Nigmatova ilmiy kengash a’zosi.
Toshkent To‘qimachilik va yengil sanoat instituti “Tikuv buyumlarini konstruktsiyalash va texnologiyasi” kafedrasi professori Nigmatova Fotima Usmonovna o‘zining ilmiy salohiyati, yosh pedagog - olimalarga, talabalarga g‘amxo‘rligi, pedagogik mahorati, tashkilotchilik qobiliyati, olijanob fazilatlari bilan hurmat - e’tibor qozongan.