Nishonboeva Qunduz Vahobovna 1955 yilda Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani, Xumson qishlog‘ida tug‘ilgan. 1972 yil Elbek nomidagi 19-o‘rta maktabni tugatgan. 1972—1974 yillar Shreder nomidagi bog‘dorchiliq ilmiy- tekshirish instituti filialida laborant bo‘lib ishlagan.
1974—1979 yillar Milliy universitet tarix fakulteti talabasi bo‘lgan. 1979 yilda Milliy universitetni imtiyozli diplom bilan tamomlab, yo‘llanma bilan Toshkent Davlat madaniyat institutining «Tarix» kafedrasiga ishga yuborilgan.
1979 yildan «Tarix» kafedrasida laborant, keyin o‘qituvchi, xozirgi kunda «O‘zbekiston tarixi va madaniyatshunoslik» kafedrasi dotsenti hamda «Kasbiy-pedagogik tayyorgarlik» fakulteti dekani vazifasini bajarib kelmoqda.
Uning eng yaxshi fazilati talabalarni o‘z farzandlaridek sevish. Shu bois fakultet ishini to‘g‘ri tashkil qilish borasida tinmay izlanish olib boradi. Fakultetda yosh, iqtidorli o‘qituvchilarga, ularning ilmiy ishlariga yaqindan yordam beradi.
Talabalarga «Ma’naviyat asoslari», «Madaniyatshunoslik», «Jahon madaniyati» fanlaridan dars berib, mashg‘ulotlarini yangi pedagogik texnologiyalardan unumli foydalangan holda olib boradi.
Q.V.Nishonboevaning faoliyatida ilmiy-tadqiqot ishlari alohida o‘rin tutadi.
U qator ilmiy-nazariy va amaliy anjumanlarda respublika xotin-qizlarining ijtimoiy aktivligi, jamiyatda ularning tutgan o‘rni hamda yoshlar tarbiyasida sharq ayollarining ibratli fazilatlari mavzularida ma’ruzalar bilan qatnashib kelmoqda.
1998 yilda esa «20 —30-yillarda O‘zbekistonda xotin-qizlar madaniy ravnaqi masalalari» mavzusida tarix fan lari nomzodi ilmii darajasini olish uchun dissertatsiya himoya qildi. Yuqoridagi mavzuga bag‘ishlangan yigirma beshdan ortiq risola, ilmiy maqolalari chop etildi.
1999 — 2004 yillar davomida bakalavr va magistrlar uchun mutaxassislik fanlaridan qator ilmiy-uslubiy qo‘llanmalar chop ettirdi. Hozirgi kunda kasbiy ta’lim yo‘nalishiga talabalari uchun «Sharq didaktikasi» mavzusida darslikni tugatish arafasida.
2001 yildan boshlab mazkur institutning «Kasbiy-pedagogik tayyorgarlik» fakultetida dekan lavozimida ishlab kelmoqda. Qunduz Vahobovna o‘ziga yuklatilgan mas’uliyatni halol va maromiga yetkazib bajaradi. Intizomliligi, printsipialligi, chuqur mushohada yuritishi bilan jamoada ajralib turadi.
U uch farzandning mehribon onasi, ikki nabiraning suyukli buvijonisi.