Toshbibi Norboboyeva 1947 yil 12 mayda Qashqadaryo viloyati, Yakkabog‘ tumanida tug‘ilgan. 1964 yil Yakkabog‘ tumanidagi Oxunboboyev nomli 25 - o‘rta maktabni kumush medal bilan tugatdi. Shu yili Nizomiy nomli Toshkent Davlat pedagogika institutining geografiya fakulteti, kimyo - biologiya bo‘limiga o‘qishga kirib, 1969 yilda uni imtiyozli diplom bilan tugatdi. 1969 — 1971 yillarda Yakkabog‘ tumanidagi 25 - maktabda kimyo - biologiya o‘qituvchisi bo‘lib ishladi. 1971 yildan 1989 yilgacha O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi “Botanika” institutida katta laborant, so‘ng ilmiy tadqiqotchi, ilmiy xodim bo‘lib faoliyat yuritdi. 1983 yilda “O‘zbekistonning cho‘l va adir mintaqalari dominant o‘simliklarining xalq xo‘jaligidagi ahamiyati” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qiladi. 1989 yildan boshlab Nizomiy nomli TDPI “Biologiya va uni o‘qitish metodikasi” kafedrasida katta o‘qituvchi, dotsent, 1995 — 1997 yillarda kafedra mudiri, 1997 yildan 2004 yilgacha kafedra dotsenti bo‘lib ishlab keldi. 2004 yildan shu kungacha Toshkent Davlat pedagogika universitetida “Agropedagogika, ekologiya va uni o‘qitish metodikasi” kafedrasida kafedra mudiri bo‘lib ishlab kelmoqda. 2005 yilda “Janubiy O‘zbekistonning dominant o‘simliklari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 70 dan ortiq ilmiy ishlari chop etilgan. Bir qancha darslik va qo‘llanmalar muallifi.
Toshbibi Norboboyeva oilali, oila boshlig‘i Hasan Eshmatov Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti “Axborot texnologiyalari” kafedrasi mudiri. Uch nafar o‘g‘li bor. Eng kattasi Baxtiyorjon Eshmatov O‘zbekiston Fanlar Akademiyasinipg doktoranti, Farhodjon va Olimjon Eshmatovlar esa jahonning eng mashhur universitetlaridan biri - Koreya universitetining doktorantlaridir.
Xullas, Toshbibi Norboboyevaning oilasi xam ilm yo‘lini tanlagan. Dasturxon atrofiga bir bo‘lib yig‘ilib qolishganda gap avvalo ilmdagi, taraqqiyotdagi so‘nggi yangiliklar xaqida boradi. Toshbibi opa o‘zini juda baxtiyor sezadi. Uning orzulari birma - bir ushalyapti. El - yurt tinchligi, farzandlar kamoli, oila xotirjamligi hammamizga ham nasib etsin.