Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat Pedagogika universiteti Defektologiya fakulteti dekani, dotsent, pedagogika fanlari nomzodi, tajribali pedagog, zukko, mohir tashkilotchi rahbar Nurmuhamedova Laylo Sharafovna defektologiya fani rivojiga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan yetuk olima.
Institutni tugatib avval bolalar bog‘chasida, yordamchi maktabda pedagogik tajribasini oshirgan, ilmga chanqoq yosh mutaxassisni 1991 yili Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat Pedagogika institutiga "Oligofrenopedagogika va logopediya" kafedrasiga ishga taklif etishdi. U pedagogik faoliyatidan tashqari, kafedrada o‘qituvchi, dotsent vazifalaridan tashqari ilmiy faoliyatini ham davom ettirdi.
Nurmuhamedova Laylo Sharafovna 2000 - 2005 yillarda Boshlang‘ich ta’lim va Defektologiya fakultetida ma’naviy - ma’rifiy ishlari bo‘yicha dekan muovini bo‘lib ishlagan.
2005 yilda Boshlang‘ich ta’lim va Defektologiya fakultetida dekan lavozimida faoliyat ko‘rsatdi. 2007 yili "Ijtimoiy himoya yili" munosabati bilan Boshlang‘ich ta’lim va Defektologiya fakulteti ajralib chiqib, alohida Defektologiya fakulteti tashkil etildi. Hozirgi kunga qadar ana shu fakultetda dekan lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
2007 yili Defektologiya sohasida birinchi marotaba o‘zbek tilida Nurmuhamedova Laylo Sharafovna boshchiligida darsliklarning yangi avlodi yaratildi. Shuningdek, 2005 yildan pedagogika fanlari doktori, professor M.E.Xaydarov, dotsent Laylo Nurmuhamedova, professor Mukarram Ayupova boshchiligida "Defektologiya kasbiy qayta tayyorlash kursi" ochilib, kurs rahbari sifatida Laylo Sharafovna ishlab kelmoqda.
Nurmuhamedova Laylo Sharafovna tomonidan hammualliflikda bir qator oligofre- nopedagogika, surdopedagogika yo‘nalishlari bo‘yicha darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari chop etildi.
2005 yili "Nogiron bolalarni oilada tarbiyalashning o‘ziga xos xususiyati" mavzusi bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.
Olima o‘zining ilmiy ma’ruzalari bilan Xalqaro forum konferentsiyalarida, Respublika miqyosida o‘tkaziladigan konferentsiyalarda, seminarlarda o‘z ma’ruzalari bilan faol ishtirok etib kelmoqda. Chet ellarda hamda Ukraina, Moskva, Dneperovsk, Tojikiston, Qozog‘istonda ham o‘z maqolalari bilan ishtirok etib kelmoqda.
Laylo Nurmuxamedova ustozi pedagogika fanlari doktori, professor Lola Mo‘minova boshchiligida "Nogiron bolalarni tarbiyalashda oila va maxsus muassasa hamkorligini ta’minlashning ilmiy - metodik asoslari" mavzusida doktorlik ishini nihoyasiga yetkazmoqda. U doktorlik mavzusi bo‘yicha "Nogiron bolalarni tarbiyalashda oila va maxsus muassasa hamkorligini ta’minlashning ilmiy - metodik asoslari" Amaliy loyiha bo‘yicha byudjet yutilib, unga rahbarlik qildi. Shuningdek, 2015 yili "Nogiron bolalarni tarbiyalashda oila va maxsus muassasa hamkorligini ta’minlashning ilmiy-metodik asoslari" doktorlik dissertatsiyasi mavzusi bo‘yicha monografiya yaratildi.
Dotsent Laylo Sharafovna bundan tashqari "Oligofrenopedagogika" yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim olayotgan magistrlarga rahbarlik qilib kelmoqda.
Laylo Nurmuhamedova intiluvchanligi, ilmiy salohiyati, mohir tashkilotchiligi, ishga o‘ta mas’uliyati, kasbiga muhabbatidan tashqari o‘zining go‘zal fazilatlari, shirin muomalasi va odamlarga, atrofga bo‘lgan e’tibori bilan ham hurmatga sazovordir.
Layloxon oilali, ikki farzandning onasi.