Shifokorlik kasbini ulug‘lovchi, o‘z kasbiga o‘ta mas’uliyatli, talabchan ayollardan biri Toshkent Pediatriya instituti “Asab kasalliklari, bolalar asab kasalliklari va tibbiy genetika” kafedrasining dotsenti, “tibbiyot fanlari nomzodi Nurmuhamedova Muxlisaxon Anvarxodjayevnadir. Ilm hamisha qadrlanib kelingan ziyoli oilada o‘sib - voyaga yetgan Muxlisaxon bolalikdan kitoblarni sevib mutolaa qilar, tezroq, ko‘proq hamma narsani bilishni istardi. Uning ilmga bo‘lgan ana shu intilishi shifokorlik kasbini egallagach ham davom etdi, ilmiy ishlarini davom ettirib, olima bo‘ldi. Endi u amaliy va nazariy bilimlarini birgalikda, uzviy olib bora boshladi. Shuning uchun ham yetuk shifokor bo‘lgandir. Ammo uni eng avvalo ilmga chorlagan, har tomonlama yetuk inson, yaxshi mutaxassis, olima bo‘lishini orzu qilgan otasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi - Anvarxo‘ja Yoqubxo‘jayev, pedagog - olima onasi Xujasta Habibullayevalarning boshi ko‘kka yetdi. Zero, farzandlaridan faxr tuyg‘usini tuyish ota - ona uchun eng katta baxt bo‘lsa kerak.
Muxlisaxon Nurmuhamedova 1990 yili “pediatriya institutini imtiyozli tamomlab, shu yili “Asab kasalliklari, bolalap asab kasalliklari va tibbiy genetika” kafedrasiga klinik ordinaturaga qabul qilindi. Ilmiy izlanishlarini davom ettirgan holda 2005 yili “Ikkilamchi miningoentsefalitlarning tiklanish davridagi klinik - immunologik tasnifi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. Ilmiy ishlari qadrlanib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Eliy Attestatsiya Komissiyasi qaroriga asosan dotsent ilmiy unvoniga sazovor bo‘ldi. Hozirda Toshkent Pediatriya institutining “Asab kasalliklari, bolalar asab kasalliklari va tibbiy genetika” kafedrasida dotsent lavozimida ishlamoqda. Uning yurak qo‘ri, intilishi, bu yo‘lda duch kelgan past - u balandliklardan dadil qadam tashlashi, muqaddas burchini o‘tab, istiqlolning kamolot yo‘lida betinim mehnat qilishi maqtovga arzigulik. Halol va haqiqatgo‘yligi ortidan jamoa o‘rtasida katta hurmatga sazovor. Ilmiy ishlarini davom ettirgan holda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilishga tayyorlanmoqda. Pedagogik faoliyati davomida 6 ta o‘quv qo‘llanma, 60 dan ortiq ilmiy maqolalari |O‘zbekiston va chet el jurnallarida chop etilgan. Iqtidorli talabalar bilan birgalikda tayyorlagan ilmiy maqolalari muntazam jurnallarda chop etiladi. Kafedrada o‘quv ishlariga mas’ul. Magistrlarning ilmiy ishlariga rahbarlik qiladi.
Pedagogik faoliyati davrida institut miqyosida o‘tkazilgan barcha jamoa ishlarida faol qatnashadi. Faxriy yorliqlar bilan taqdirlangan.
Muxlisaxon oilali, uch farzandning onasi. Oiladagi mehr - muhabbatga, farzandlariga havas qilsa arziydi. Turmush o‘rtog‘i bilan fikrlashishni, sayr qilishni, tabiat go‘zalliklaridan bahra olishni yaxshi ko‘radilar. Farzandlari - Baxtiyor va Doniyorlar Ibn Sino, Beruniy stependiyalariga sazovor bo‘lganliklaridan juda mamnunlar. Hozirda o‘g‘illari magistrant. Kichik qizlari - Diyoraxon, Toshkent Tibbiyot Akademiyasi qoshidagi akademik litsey talabasi. Diyoraxon otasi va onasi kabi shifokor bo‘lishni orzu qiladi.