
Obidov Abdurahim Obidovich (1929.15.10, Toshkent - 2010) - mikrobiologimmunolog olim. Oʻzbekiston FA akademigi (2000), Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan vrach (1968), tibbiyot fanlari doktori (1965), professor (1967). ToshTIni tugatgach (1953), Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi tez yordam stansiyasi bosh shifokori (1953-1954), Oʻzbekiston FA Oʻlka tibbiyot institutida katta ilmiy xodim-doktorant (1960-1963). Vaksina va zardoblar instituti direktori (1963-1982), laboratoriya mudiri (1982-1983), ayni vaqtda ToshTI mikrobiologiya kafedrasi mudiri. Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar instituti laboratoriya mudiri (1983 yildan). Asosiy ilmiy ishlari mikroblar genetikasi, vaksinalarning inson organizmi himoya omillariga taʼsiri, yuqumli ichak infeksiyalari ekspres diagnostikasi, disbakteriozlarni oʻrganishga oid. Turli ilonlar va qoraqurt zahariga qarshi zardoblar, shuningdek, stafilokokka qarshi gamma-globulin ishlab chiqarishga rahbarlik qilgan.