Gohida inson bosib o‘tgan umr yo‘liga nazar tashlab o‘yga toladi. “Men qanday yashadim? O‘zgalarga foyda keltiryapmanmi? Hayotimdan rozimanmi?” degan xayollar miyasida charx uradi. Shunday kezlarda Sayyora Obloqulova hozirga qadar qilgan ishlaridan mamnun bo‘ladi, sohalar rivojiga oz bo‘lsada o‘z hissasini qo‘shayotganligini o‘ylab sevinadi. U bundan qirq yilcha avval Samarqand davlat universiteti kafedrasida ish boshlagandi. Oradan yillar o‘tgach tajriba va malakasini oshirdi, yaxshi mutaxassis sifatida o‘zini ko‘rsatdi.
Endilikda u Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filialining “Tillar va jismoniy tarbiya” kafedrasi mudiri, fan nomzodidir. Bugunga qadar yuzga yaqin maqola va tezislar, o‘ndan oshiq o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar, shuningdek uslubiy ko‘rsatma va lug‘atlar chop ettirdi. Elektron darsliklar ham yaratdi. Bu jihatdan qaraganda olimaning erishgan yutuqlari bilan o‘zi xizmat qilayotgan institut jamoasi haqli ravishda faxrlanadilar.
Sayyora Obloqulova 1945 yil Samarqand viloyatining Samarqand tumanidagi Oxalik qishlog‘ida tug‘ildi. 1962 yil qishloqdagi 18 - o‘rta maktabni tamomladi. Shu yili Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universitetining chet tillar fakultetiga o‘qishga kirdi. 1967 yilda universitetni bitirib nemis tili o‘qituvchisi - filolog mutaxassisligiga ega bo‘ldi. Dastlab Pastdarg‘om tumanidagi 35 - o‘rta maktabda o‘quvchilarga nemis tilidan dars berdi.
1968 yildan boshlab esa Samarqand davlat universitetining nemis tili kafedrasi katta laboranti bo‘lib ishladi, keyinchalik o‘qituvchi, katta o‘qituvchi lavozimlarida faoliyat ko‘rsatdi.
1987 yildan so‘ng Samarqand davlat arxitektura qurilish instutining chet tillar kafedrasiga katta o‘qituvchi, so‘ngra dotsent va kafedra mudirligiga tayinlandi. Usha yillarda u talabalarning bakalavr malakaviy ishlariga va magistrlarning nomzodlik ilmiy ishlariga rahbarlik qildi. Ustoz sifatida shogirdlarining hurmatini qozondi.
Olima Sayyora Obloqulova ilmni sevadi, butun kuch va g‘ayratini ilm - fan taraqqiyoti yo‘lida sarflab kelayotgani ham shundan bo‘lsa kerak. Zero, ilm sohibi bo‘lish kishi uchun insoniy burch, yuksak mas’uliyatdir. Bundan tashqari ilm egallash yaratganni tanish hamda o‘zlikni anglash sari qo‘yilgan muhim qadam hisoblanadi. Yanayam aniqroq aytganda ilm bilan mashg‘ul bo‘lish dunyoni bilishning muhim vositasidir. Shuning uchun bo‘lsa kerak ma’rifat olamining buyuk daholari ilm fanning hayotdagi ahamiyatini alohida qayd qilganlar, yuksak baholaganlar. Abu Rayhon Beruniy “Bilim dilga hayot bag‘ishlaydi” deb bejizga aytmaganlar.
- Hadisi shariflarga fikran chuqurroq nazar tashlansa islom dini asosida ham katta ilm yotganini anglash mumkin, - deydi Sayyora Obloqulova. - Masalan muqaddas kitobimizda 752 joyida “ilm” so‘zi tilga olingan. “Beshikdan qabrgacha ilm izla”, “Ilm talab qilish har bir muslim va muslimaga farzdir”, “Bir soat ilm o‘rganish bir kechalik ibodatdan yaxshi, bir kunlik dars esa uch oy tutilgan nafl ro‘zadan afzaldir”, “Ilm tolimi uchun hamma narsa, hatto dengizdagi baliqlar ham gunohini so‘rab istig‘for aytadi” degan ma’nodagi ko‘plab hadislar fikrimizga dalildir. Demak, biz olimalar yoshlarga ilmning afzalliklarini tez - tez ta’kidlamogimiz joiz, chunki ilm - fan rivojiga kanchalik ko‘p hissa ko‘shsak, mamlakatimiz kelajagi shunchalik saodatli bo‘ladi.
Sayyora Obloqulova haq gapni aytdi. U bugungi kunda o‘z vazifasidan tashqari jamoat yumushlarida ham faol ishtirok etadi. Ish faoliyati davomida Sankt - Peterburg hamda respublikamizdagi turli universitetlarda malaka oshirgan bu olima katta hayotiy tajribaga ham egadir. U yoshlar bilan ishlashda yanada ko‘proq faollik ko‘rsatadi. Samarqand shahridagi Yoshlik mahallasida, Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Samarqand filialida xotin - qizlar qo‘mitasi raisasi sifatida ish yuritib ko‘pgina tadbirlar o‘tkazishga bosh - qosh bo‘layotir. Shuningdek u qarilik nafakasida bo‘lishiga qaramay talaba yoshlarning ilmiy izlanishlarida o‘z ko‘magini ayamay kelmokda.
- To‘rt farzandim hayotda o‘z o‘rinlarini topishdi, yetti nevaram va ikkita evaramning kelajakda yaxshi insonlar bo‘lib yetishishini istayman, ularning tarbiyasiga ham e’tibor bilan qarayman, aslida sevimli kasbim, meni qo‘llab - quvvatlaguvchi oilam va atrofimda yaxshi insonlarning borligidan quvonaman, bugungi kunlarimizga shukronalar aytib yashayman, - deydi olima.
Mehnatlari evaziga yuqori tashkilotlar tomonidan fahriy yorliqlar hamda ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan Sayyora Obloqulova bir so‘z bilan aytganda yurtimizdagi zahmatkash va fidoyi ayollarning safidadir. Aslida uning baxti ham shunda.