Oripov Toxir Fotixovich (1945.7.9, Toshkent) — biofizika va ekologiya sohasidagi olim. Oʻzbekiston FA akademigi (1995), Biologiya fanlari doktori (1988), professor (1990). ToshDUni tugatgan (1970). Oʻzbekiston FA Bioorganik kimyo institutida laboratoriya mudiri (1975 yildan), Oʻzbekiston Oliy attestatsiya komissiyasi bosh ilmiy kotibi (1992-1993), rais muovini (1993-1994), raisi (1995-1997), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonida yetakchi konsultant (1994-1995). Oʻzbekiston Respublikasi birinchi Prezidentining davlat maslahatchisi (1997), Oʻzbekiston FA vitse-prezidenti (1997 yildan). Xalqaro fan, texnologiya va ta’lim akademiyasi a’zosi etib saylangan (AQSH) . 100 dan ortiq ilmiy ish, shu jumladan 12 ta ixtiro muallifi. 3 ta fan doktori va 10 dan ortiq fan nomzodini tayyorlagan. 2003-yilda «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlangan.
Asosiy ilmiy ishlari oqsil moddalarning biomembranalar bilan taʼsirlanish biospektroskopiyasiga oid. Oripov rahbarligida sitotoksinlarning biologik membranalar modeli bilan taʼsirlanish mexanizmi, sitotoksin molekulalarning shakli, oʻlchami, ularning fosfolipidli membranalarda joylashishi, lipid va suv fazalarida taqsimlanish qonuniyatlari, gossipol va gossipol modifikatsiyalarining strukturasi aniqlangan. Tioninni ajratib olish texnologiyasi va uning taʼsiri muammolari tadqiq qilingan.