Anvara Nishonboyevna Otaboyeva 1937 yilda Namangan shahrida tug‘ilgan. 1955 yilda shahardagi 15 - qizlar o‘rta maktabini tugatib, Namangan davlat pedagogika institutiga o‘qishga kirdi. U talabalik davrida jamoat ishlarida faol qatnashdi.
1960 yilda institutning fizika - matematika fakultetini imtiyozli diplom bilan tugatgach, shu institutning fizika kafedrasida o‘qituvchi lavozimida ishladi.
1965 - 1978 yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Fizika texnika institutida muhandis - aspirant sifatida E. I. Adirovich va S. A. Azimov kabi taniqli akademiklardan tahsil oldi.
1978 yilda yarim o‘tkazgichlar va dielektriklar fizikasi bo‘yicha “Kremniy strukturalarida hajmiy zaryadlar bilan chegaralangan toklar” mavzusida fizika - matematika fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya himoya qildi.
A. Otaboyevaning ilmiy ishlari “Yarimo‘tkazgichlar fizikasi va texnikasi” jurnalida va Toshkentda o‘tkazilgan “Dielektrik elektronikaning muammmolari” mavzusidagi sobiq Butunittifoq ilmiy - amaliy anjuman to‘plamida chop etildi.
1979 yilda Namanganda Toshkent politexnika institutining filiali ochildi. A. Otaboyeva mazkur filialga katta o‘qituvchi lavozimiga ishga taklif qilindi. U shu institutning fizika kafedrasida katta o‘qituvchi va 1982 yildan boshlab dotsent lavozimida ishlab kelmoqda. U talaba - yoshlarga fizika fani sir - asrorlarini chuqur o‘rgatish bilan birga, institutning jamoatchilik ishlarida faol qatnashib keladi.
1980 — 1985 yillarda institut xotin - qizlar kengashi raisi, fakultet uslubiy kengashi raisi bo‘lib ishladi. Ayni paytda guruh murabbiysi sifatida talabalar o‘rtasida odob va axloq, qizlar tarbiyasi, oilaviy turmush haqida ko‘plab suhbatlar tashkil etib boradi. A. Otaboyeva 50 dan ortiq ilmiy va o‘quv - uslubiy ishlar muallifidir.