Abdujalil Sattorovich Polvonov 1955 yil 12 dekabrda Namangan viloyati Kosonsoy tumani Panixo qishlog‘ida tug‘ilgan.
1963 yili tumandagi 11 - o‘rta maktabning birinchi sinfiga o‘qishga kirib, 1973 yilda 10 - sinfni tamomladi. Shu yili tumandagi sport - texnika klubi qoshidagi haydovchilik kursini bitirdi.
1974 yil noyabr oyidan 1976 yil dekabrgacha harbiy xizmatda bo‘ldi. 1976 — 1978 yillarda Toshkent traktor zavodida ishchi bo‘lib ishladi.
1978 yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari institutiga “Mashinalar ta’miri va uni tashkil qilish” ixtisosligi bo‘yicha o‘qishga kirib, 1983 yil institutni imtiyozli diplom bilan tamomladi va institutning mashinalar ta’miri kafedrasida assistent lavozimida ishda qoldirildi.
1988 yil Moskva qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishini mexanizatsiyalashtirish instituti aspiranturasining kunduzgi bo‘limiga o‘qishga kirib, “Dvigatelning o‘zak podshipniklari o‘rnini polimer materiallar bilan tiklash” mavzusida ilmiy ish olib borib, 1991 yili nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. 1991 yilda oldin o‘zi ishlagan kafedrada assistent lavozimida ishladi.
1992 yil aprel oyidan boshlab Namangan sanoat - texnologiya institutida (hozirgi NamMPI) katta o‘qituvchi, dotsent va kafedra mudiri lavozimlarida ishlagan.
Hozirgi kunda transport vositalaridan foydalanish kafedrasida dotsent lavozimida ishlab kelmoqda.
A. Polvonov tomonidan “Transport vositalarini ishlatish va ta’mirlash” ta’lim yo‘nalishidagi bakalavr va pedagog - bakalavrlar uchun transport vositalarida ishlatiladigan materiallar fanidan o‘quv qo‘llanmasi 2003 yilda nashrdan chiqarildi. U ilmiy - pedagogik faoliyati mobaynida 80 dan ziyod ilmiy maqola va uslubiy ko‘rsatmalar yozgan.
Hozirgi paytda “Ishlatilgan moylardan qayta foydalanish” mavzusida ilmiy - tadqiqot ishlarini olib bormoqda.
2002 yil o‘quv jarayonini adabiyotlar bilan ta’minlashdagi faol ishtiroki uchun OO‘MTV ning “Faxriy yorlig‘i” bilan taqdirlangan.