Fizika - matematika fanlari bo‘yicha falsafa doktori
1978 yil 7 mayda Rishton tumani Avazboy qishlog‘ida tug‘ilgan. Dastlab shu qishloqdagi 32 - sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida, keyinchalik 1 - sonli Farg‘ona viloyat iqtidorli bolalar litsey - internatida ta’lim olgan. 1995 yilda litsey - internatni imtiyozli tamomlab, shu yili davlat test sinovlaridan muvaffaqqiyatli o‘tib, Farg‘ona davlat universitetining fizika - matematika fakulteti talabasi bo‘ldi. O‘qish davomida, 1998 - 1999 o‘quv yilida Ulug‘bek nomidagi Davlat stipendiyasi sohibi bo‘lgan, universitetni imtiyozli diplom bilan tamomlagan.
O‘z mehnat faoliyatini FarDUning fizika - texnika fakulteti yarim o‘tkazgichlar va dielektriklar kafedrasida shogird - tadqiqotchi vazifasidan boshlagan. 2001 - 2002 yillarda O‘zbekiston Respublikasi “Fidokorlar” Milliy demokratik partiyasida yoshlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i, 2002 - 2003 yillarda Toshkent davlat tibbiyot akademiyasi Farg‘ona filialida bo‘lim boshlig‘i, 2003 - 2005 yillarda Farg‘ona shahar hokimligida bosh mutaxassis va O‘zbekiston Respublikasi “Kamolot” YoIH (hozirda Yoshlar Ittifoqi) Farg‘ona viloyat Kengashi bo‘limi boshlig‘i, 2005 - 2007 yillarda Farg‘ona davlat universiteti magistranti, 2007 - 2008 yillarda fizika - matematika fakulteti dekani o‘rinbosari, 2008 - 2011 yillar Farg‘ona politexnika instituti fizika kafedrasi aspiranti, 2011 - 2014 yillarda mazkur institutda assistant - o‘qituvchi, 2014 - 2018 yillarda katta o‘qituvchi, 2018 yil yanvar oyidan shu kungacha FarPI fizika kafedrasi mudiri vazifalarida ishlab kelmoqda.
Baxtiyor Polvonov 2017 yil 6 dekabrda Toshkent shahridagi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Fizika - texnika ilmiy tadqiqot instituti qoshidagi ixtisoslashgan ilmiy Kengashda “SdTe, SdTe:In asosidagi yarimo‘tkazgich strukturalarda past haroratli fotolyuminestsentsiya” mavzusida fizika - matematika fanlari bo‘yicha falsafa doktori dissertatsiyasini muvaffaqqiyatli himoya qildi. Olingan natijalar asosida 1 ta monografiya, 50 dan ortiq ilmiy maqola (18 ta xorijiy), 20 ta konferentsiya materiallarida ma’ruza tezislari (10 dan ortiq xalqaro va xorijiy) e’lon qilingan. 2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan “Fotovoltaik plenkalar olish usuli” mavzusidagi ixtirochilik ishi uchun patent - guvohnomani qo‘lga kiritgan. So‘nggi vaqtlarda institutdagi iqtidorli talabalarga ustashogird tizimi doirasida yarim o‘tkazgichli mikro va nanostrukturalardagi fotovoltaik hodisalar yo‘nalishidagi ilmiy tadqiqot ishlariga rahbarlik qilib kelmoqda. Uning iqtidorli shogirdlaridan biri energetika fakulteti talabasi F. Mirzaraximova 2018 yilda Beruniy nomidagi Davlat stipendiyasi sovrindori bo‘ldi.
B. Polvonov respublikamizda va xorijda o‘tkaziladigan ilmiy anjumanlarda o‘z maqola va ma’ruzalari bilan faol qatnashib keladi. Xususan, 2018 yil 24 - 25 may kunlari FarPI fizika kafedrasida uning rahbarligidagi “Yarimo‘tkazgich mikro va nanostrukturalarda optik hamda fotoelektrik xususiyatlar” nomli IV Xalqaro konferentsiya yuqori saviyada o‘tkazildi. Shuningdek, u O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalarni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan muntazam e’lon qilinib kelinayotgan, jumladan, 2012 - 2014, 2014 - 2016, 2016 - 2018 yillarga mo‘ljallangan innovatsiya hamda fundamental fanlar yo‘nalishi doirasidagi qo‘lga kiritilgan davlat grantlari dasturida faol ishtirok etib keladi.
Ilmiy tadqiqot ishlari doirasida Yaponiya, Hindiston, Rossiya davlatlarining nufuzli oliygohlarida o‘zaro tajriba almashish, ma’ruzalar qilish hamda malaka oshirish kurslarida faoliyat yuritgan. Bundan tashqari, 2018 yilda respublika oliygohlari professor - o‘qituvchilarining nufuzli chet el universitetlarida o‘zaro tajriba almashish va malaka oshirishlarini qo‘llab - quvvatlovchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iste’dod” jamg‘armasi tanlovi g‘olibi hamdir.