Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Qarshieva Gulabza Aliqulovna pedagogik mahorati, ilmiy tadqiqotlari, jamoat ishlaridagi faolligi, rahbarlik faoliyatini birdek yuqori darajada olib borayotgan fidoyi, tinib-tinchimas qalbi olov olima ayollardan.
Gulabza Qarshieva 1997 yil ToshDU (Hozirgi O‘zMU)ning O‘zbek filologiyasi fakultetini tugatgan.
1997-2012 yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi (hozirgi Davlat Boshqaruvi akademiyasi)da turli lavozimlarda mehnat faoliyatini olib bordi.
1999 yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasining sirtqi bo‘lim aspiranturasiga qabul qilindi. "Hoji Muin Shukrullo dramaturgiyasining g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari" mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.
2008 yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Attestatsiya Komissiyasining tavsiyasiga ko‘ra "O‘zbek adabiyoti" ixtisosligi bo‘yicha filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasi berildi.
Olimaning tadqiqot natijalari asosida ilmga qo‘shgan hissasi shundaki, berilgan xulosalar, ilgari surilgan fikrlar va yondashuvlar O‘zbek adabiyoti nazariyasi va tarixi, san’atshunoslik, ma’naviyat asoslari kabi ilm sohalarini boyitadi. Izlanishlar natijasida ishlab chiqilgan tavsiyalardan oliy ta’lim muassasalari, o‘rta maxsus kasb-hunar kollejlari, ilmiy-tadqiqot institutlari, madaniyat va ma’naviyat muassasalarida foydalanish mumkin.
Gulabza Qarshieva tomonidan olib borilgan tadqiqotning ilmiy yangiligi, o‘zbek adabiyoti rivojida jadid dramaturgiyasining o‘rni, o‘ziga xos xususiyatlari, davrning barcha murakkabliklari hamda adabiy qarashlarning o‘sha davr mezonlarini hisobga olgan holda ilmiy taxlil qilinganligi, Hoji Muin ijodiga mansub dramatik asarlar adabiy-nazariy jihatdan muhim tadqiqot sifatida ilk bor maxsus o‘rganilganligi.
Gulabza Qarshieva 1 ta monografiya, 1 ta o‘quv qo‘llanma, 1 ta risola, 30 dan ortiq xalqaro va respublika miqyosidagi konferentsiya to‘plamlari hamda OAK tasarrufidagi jurnallarda e’lon qilingan 15 ta maqola muallifi. 2013-2014 yillarda "O‘smir yoshlarning zamonaviy bilimlarni egallashi, dunyoqarashi va ma’naviyati shakllanishiga yangi innovatsion goya va texnologiyalarni tadbiq etish" mavzusidagi davlat byudjetida ijrochi, 2015-2017 yillar uchun e’lon qilingan "Yoshlarning estetik didini tasviriy san’at orqali rivojlantirish muammolari" davlat byudjeti rahbari sifatida ish olib bormoqda.
U 2010 yildan hozirgi kungacha o‘rindoshlik asosida Kamoliddin Behzod nomli Milliy rassomlik va dizayn institutining San’atshunoslik fakulteti "Tillar va adabiyot" kafedrasi dotsenti lavozimida pedagogik faoliyat yuritmoqda.
2012-2015 yillarda O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori lavozimida ishladi. Gulabza Qarshieva prorektor lavozimidagi faoliyati davrida bir necha respublika va xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiyalarni tashkil qildi. Shuningdek, magistratura bosqichi talabalari o‘rtasida "San’at - yoshlar nigohida", O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan 2003 yildan buyon muntazam ravishda o‘tkaziladigan "Tasviriy san’at festivali" doirasida 2014 yildan boshlab respublika ilmiy-amaliy konferentsiyasining an’anaviy o‘tkazilishini va to‘plamini nashr qilishni yo‘lga qo‘yildi.
Gulabza Qarshieva 2015 yil 16 sentyabrdan Kamoliddin Behzod memorial bog-muzeyi direktori etib tayinlandi.
Bugungi kunda "Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda ma’naviy islohotlar: tasviriy san’atning rivojlanish tamoyillari" mavzusida doktorlik dissertatsiyasi ustida ilmiy-tadqiqot olib bormoqda.
Gulabzaxon - oilali. Bir nafar farzandi bor.