Qodirova Dilbar Azizovna 1941 yil 18 mayda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Otasi, Aziz Qodirov Mehnat Qahramoni bo‘lganlar. Onasi, Mahbuba Qodirova O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, filologiya fanlari doktori, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Qo‘lyozmalar institutining konsultantidir.
1958 yili shahardagi 47 - o‘rta maktabni tamomladi. 1958 yildan 1963 yilgacha Toshkent Temir yo‘l transporti muhandislik instituti “Temir yo‘l transportida avtomatika, telemexanika va aloqa” fakultetining talabasi bo‘ldi. So‘ngra Toshkent Temir yo‘l transport elektromexanika texnikumiga o‘qituvchi sifatida ishga yuborildi.
D. Qodirova onasi kabi ilmga intiluvchan bo‘lgani uchun 1966 yilda Toshkent Temir yo‘l transporti muhandislik institutining “Temir yo‘l transportida iqtisod, tashkillashtirish va rejalashtirish” mutaxassisligi bo‘yicha aspiranturasiga qabul qilindi. 1969 yili uni muvaffaqiyatli tamomlab, dissertatsiya yoqladi va iqtisod fanlari nomzodi unvoniga ega bo‘ldi.
1969 yildan boshlab institutda, avval assistent vazifasida, keyinchalik — katta o‘qituvchi. 1974 yildan boshlab “Iqtisod va transportni tashkillashtirish” kafedrasida dotsent, 1978 yildan “Iqtisod nazariyasi, tarix va huquq” kafedrasida dotsent bo‘lib ishlay boshladi. 1973 yildan boshlab tayyorlov bo‘limining mudiri bo‘lib, 1991 yilda tanlov asosida Oliy o‘quv yurtiga tayyorlov fakultetining dekani, 1999 yildan sirtqi bo‘lim dekani bo‘lib ishlab kelmoqda. Dilbar Azizovna institut kengashining a’zosi hisoblanadi. Uning ikki farzandi, besh nabirasi bor.
Dilbarxon Temir yo‘l transport mutaxassislari va xodimlarining malakasini oshirishda erishgan yutuqlari va ko‘rsatgan tashabbuskorligi uchun qator tanlovlarda g‘olib bo‘lib, ilmiy - tadqiqot ishlarini olib borgan. Talabalari bitiruv loyihalarini muvaffaqiyatli bajarishlariga erishgani uchun bir necha bor Faxriy yorliqlar va sovg‘a - salomlar bilan bilan taqdirlangan. Dilbar Azizovna “Oliy ta’lim sohasidagi a’lo yutuqlari”, “Faxriy temir yo‘lchi” ko‘krak nishonlari sohibasidir.
Dilbarxon bir umr onasiga o‘xshab yashagisi keldi. Oilaga sadoqatli, ishiga vafoli bo‘lishni istadi va bo‘ldi. U farzandlarining ham o‘z mehnatlari bilan el - yurt oldida yuzlari yorug‘ bo‘lishini xohlaydi. Niyatlaringiz ijobat bo‘lishini biz ham istab qolamiz.