U iste’dodli san’atkor, tajribali pedagog, yetuk olima. Shu bilan birga u har bir qilayotgan ishiga, egallagan kasbiga qalb qo‘rini bera oladigan, ularni chin dildan bajara oladigan, ko‘p qirrali, fidoyi inson, surati va siyrati go‘zal ayol. O‘zbekiston Milliy universitetinig Falsafa fakulteti "Etika va estetika" kafedrasi dotsenti, falsafa fanlari nomzodi Qodirova Dilbar Solihovnaga shunday ta’rif berish mumkin. Zero, har bir insonga erishgan yutuqlari, qilayotgan ezgu ishlari, go‘zal xulqiga qarab baho beradilar. Dilbar Qodirova esa ilmidan tashqari ana shu xislatlari ortidan ham shogirdlariga o‘rnak bo‘lsa arziydigan pedagog.
Qodirova Dilbar Solihovna 1986 yil Toshkent Davlat Konservatoriyasining "kompozitorlik" va "musiqa nazariyasi" fakultetini tugatgan va ish faoliyatini Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat Pedagogika institutining Musiqa pedagogikasi fakultetida, o‘qituvchi sifatida boshlagan. Toshkent Davlat Universiteti (Hozirgi O‘zMU) "Etika va estetika" kafedrasining aspiranturasida tahsil olgan. 2000 yildan boshlab shu kafedraning o‘qituvchisi, 2007 yildan katta o‘qituvchisi lavozimida ishlagan. Hamisha o‘qib-izlanishdan chekinmaydigan, ilm olishning erta-kechi yo‘q deb hisoblaydigan tirishqoq va intiluvchan Dilbar Qodirova 2009 yil O‘zbekiston Milliy universiteti Falsafa fakultetining "Milliy g‘oya, huquq va ma’naviyat asoslari" bakalavr ta’lim yo‘nalishini sirtdan tamomladi.
Estetika ixtisosligi bo‘yicha "O‘zbek milliy musiqasining estetik xususiyatlari" nomli nomzodlik dissertatsiyasini yoqlab, falsafa fanlari nomzodi ilmiy darajasini oldi.
80 dan ortiq ilmiy-uslubiy ishlar muallifi.
Shu jumladan, magistratura mutaxassisligi yo‘nalishida o‘tiladigan "San’at nazariyasi" fanidan o‘quv-uslubiy qo‘llanma yozgan.
Olima "estetika" "san’at nazariyasi", "san’at falsafasi", "turmush estetikasi" "dizayn, atrof-muhit va texnika estetikasi" fanlaridan istiqbolli reja, o‘quv rejalar va dasturlarni, o‘quv-uslubiy majmualarni tayyorlashda hamda "estetika" fani bo‘yicha elektron o‘quv darslik tayyorlashda ishtirok etgan. Bakalavriat va magistratura uchun yaratilgan ishchi o‘quv dasturlari, o‘quv-uslubiy majmualari elektron shaklda talabalar foydalanishi uchun universitet portalida joylashtirilgan.
Qodirova Dilbar Solihovna 1986 yildan O‘zbekiston takorlarmasining "Sayyora" Samarqand opera va balet teatrida sahnalashtirilgan va Moskva shahrida o‘tkazilgan xalqaro tanlovning laureati bo‘lgan. Uning O‘zbekiston Bastakorlar Uyushmasining a’zosi sifatida ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy-axloqiy tadbirlardagi faoliyatini alohida e’tirof etish mumkin. Respublikamiz oliy ta’lim muassasalari orasida o‘tkaziladigan an’anaviy "O‘zbekiston - Vatanim manim" qo‘shiqlar tanlovida muntazam ishtirok etgan: uning "Ulug‘bek yulduzlari" nomli qo‘shig‘i 1-o‘rin bilan taqdirlangan. Bir qancha xalqaro va respublika ko‘rik tanlovlari g‘olibi. Televidenieda ham bir qancha ko‘rsatuvlar ssenariysi muallifi sifatida qatnashgan.
Dilbar Qodirova har bir darsga jiddiy tayyorgarlik ko‘rib, talabalarga qiziqarli va mazmunli ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazishga harakat qiladi. U zamonaviy pedagogik texnologiyalardan unumli foydalanib, darslarni yuqori darajada o‘tkazadi. U saboq beradigan O‘zbek filologiyasi, Biologiya va tuproqshunoslik, Geografiya va Ijtimoiy fanlar fakultetlarida talabalar o‘rtasida o‘tkazilayotgan so‘rovnomalar natijasiga ko‘ra, muntazam ravishda mahoratli va namunali o‘qituvchi sifatida eng yuqori reytingga ega bo‘lib kelmoqda. Eng oxirgi talabalar so‘rovnomasida ham universitetning eng yaxshi o‘qituvchisi nomini olgan. U bilim doirasining kengligi, ma’ruzalarining qiziqarliligi, iste’dodli talabalarga sevimli ustoz ekanligi bilan ajralib turadi.
Qodirova Dilbar Solihovna "Etika va estetika" kafedrasining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha kafedra mudirining muovini sifatida kafedraning ma’naviy ishlarini boshqarib kelgan. "Etika" va "estetika" fanlaridan fakultetlararo debat-seminarlari talabalar tomonidan yuqori baholanib, Ziyo-net tomonidan keng yoritilgan.
Dilbar Qodirova jamoa orasida o‘zining xulqu odobi, mehribonligi, tashkilotchiligi va jamoat ishlarida faol ishtiroki bilan ajralib turadigan pedagog hisoblanadi.