Zulayxo Qodirova taniqli olima. U goh kasb bilan bog‘liq muammolarni hal etishda, gohida esa jamoat ishlarida kuyib-pishib yurganini ko‘rasiz. Aslida nozik sohada faoliyat ko‘rsatayotgan bu olima ayol har jihatdan o‘z talanti va iqtidorini namoyon etib ulgurgan. 2003 yildan boshlab u UzRFA Umumiy va noorganik kimyo instituti Silikatlar kimyosi laboratoriyasining mudiri lavozimida hamda o‘rindoshlik asosida ilmiy pedagogik faoliyatini davom ettirib kelyapti. Shuning barobarida Toshkent arxitektura qurilish institutida injenerlik servisi fakultetining «Qurilish materiallari va kimyo» kafedrasi professori hamdir. Umuman Zulayho Qodirova Silikatlar va qiyin eriydigan nometall materiallarining kimyoviy texnologiyasi sohasida yetuk mutaxassis sanaladi. Zulayho Qodirova 1955 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. O‘rta maktabni bitirgach, 1972-1977 yillarda Toshkent politexnika institutining kimyo texnologiya fakultetida tahsil oldi. Institutni imtiyozli diplom bilan tugatgandan so‘ng O‘zR Fanlar akademiyasi prezidiumining yo‘llanmasiga binoan O‘zR Fanlar akademiyasi kimyo institutiga aspiranturaga o‘qishga kirdi. 1983 yilda u Respublikada xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, kimyo fanlari doktori, professor Nasriddin Sirojiddinov rahbarligida nomzodlik ilmiy ishini yoqladi. 1984 yilda yosh olima Respublika Yoshlar ittifoqi va O‘zR fanlar akademiyasining «Fan sohasidagi yutuqlari» mukofotining sovrindori bo‘ldi. U 1983-1993 yillarda o‘zi tahsil olgan institutning Silikatlar kimyosi laboratoriyasida ishni kichik ilmiy xodimlikdan boshlab, katta ilmiy xodim lavozimigacha ko‘tarildi.
1993-1996 yillarda Zulayho Raimovna Toshkent kimyo-texnologiya institutining doktoranturasiga o‘qishga kirdi va 2000 yilda doktorlik ilmiy ishini himoya qildi. 2010 yilda u professorlik unvonini oldi. Doktoranturani tugatgandan keyin yosh olima o‘z ilmiy faoliyatini O‘zR FA Kimyo institutida (hozirgi Umumiy va noorganik kimyo institutida) yetakchi ilmiy xodim lavozimida davom ettirdi. 2000-2002 yillarda esa institutning aspirantura va ilmiy axborot bo‘limi mudiri sifatida ish yuritdi.
O‘tgan yillar davomida Z.Qodirova institut Kasaba uyushmasi qo‘mitasining raisi va O‘zbekiston kimyosi jurnalining mas’ul kotibi vazifalarida ham faoliyat ko‘rsatdi. Uning ilmiy izlanishlari asosida ishqoriy yer metallari oksid birikmalarining fizikaviy kimyosi nazariy asoslari rivojlantirildi hamda Silikat materiallarining mahalliy xom ashyolar asosidagi tarkib va texnologiyalari ishlab chiqildi. Olima zamonaviy fizikaviy kimyo usullari yordamida ruda bo‘lmagan mahalliy xom ashyolarni chuqur tahlil etib, ulardan chinni, keramika, va qurilish mate- riallarining yangi tarkiblarini hamda ishlab chiqarish texnologiyalarini yaratish bilan chetdan valyuta hisobiga keltiriladigan xom-ashyo va materiallarning iqtisod qilinishini ko‘rsatib berdi. Masalan Qoraqalpog‘iston Sultan-Uvays kaolini asosida xo‘jalik chinnisi, Xo‘jako‘l koni dala shpati asosida keramik koshin, suv omborlarining cho‘kindilaridan sovuqqa chidamli qurilish g‘ishti, Ko‘ytosh kvartsiti, Angren glinasi, Arvaten va Kutchi koni serpentinitlari asosida olovbardosh materiallarining yangi samarador tarkiblari va olish texnologiyalari ishlab chiqildi. Olib borilgan sanoat-tajriba sinovlari, tekshirilgan xom ashyolarni xorijdan keltirilayotgan xom ashyolardan qolishmasligini ular asosida ishlab chiqilgan tarkiblarning qo‘yilgan talablarga mos kelishlari aniqlandi va ishlab chiqarishga tavsiya etildi.
Taniqli olima Zulayho Qodirovaning yuqorida ta’kidlangan masalalarga oid ilmiy maqolalari Amerika, Germaniya va MDHning nufuzli jurnallarida chop etildi. Olima xorijdagi yirik anjumanlarda ma’ruzalari bilan qatnashib, O‘zbekiston nufuzini dunyoga tanitdi. U hozirgi paytda 250 dan ortiq ilmiy maqola, patent va monografiyalarning muallifidir. Olima rahbarligida 6 ta fan nomzodi tayyorlangan. Endilikda u 2 ta doktorant tadqiqotchi, 4 ta aspirant tadqiqotchilarga rahbarlik qilib kelmoqda.
Bundan tashqari Zulayho Qodirova Umumittifoq ilmiy-texnika Dasturida (1986-1991 y.) Rossiya Davlat Optika instituti olimlari bilan birgalikda alyumomagnezial shpinel asosidagi shaffof keramika olish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini ham muvaffaqiyatli bajargan.
Zulayho Qodirovaning oilasi respublikada yagona «Silikatchilar xonadoni» hisoblanadi. Umr yo‘ldoshi Ash- rap Eminov ham taniqli olim bo‘lib, ushbu soha bo‘yicha texnika fanlari doktori, professordir. Farzandlari ota-onalari izidan borishdi. Katta o‘g‘il Azizjon Eminov Toshkent kimyo texnologiya institutida «Silikat moddalar texnologiyasi» kafedrasida magistrlik dissertatsiyasini himoya qilgan va hozirgi kunda o‘z faoliyatini respublika iqtisodiyot vazirligiga qarashli «O‘zog‘ir- neftgazkimyoloyiha» institutida davom ettirmoqda. Shuningdek nomzodlik ilmiy ishini ham ado etayotir. Kichik o‘g‘il Afzaljon Eminov institut kafedrasining 4-bosqich talabasi sifatida a’lo baholarga o‘qiyapti. Umuman taniqli olima Zulayho Qodirova ham oilada, ham jamiyatda salmoqli ishlarni uddalab, nafaqat yurtimizda, balki MDH davlatlari olimlari orasida ham katta hurmat qozongan. Shu jihatdan uni mo‘tabar va muhtarama o‘zbek ayollari qatoriga qo‘shish mumkin.