O‘zbekiston Ilm-Fani: Tarixi va rivoji

Akademiklar

O‘zbekiston Respublikasi
Fanlar akademiyasi

Fundamental kutubxonasi
Akademiklar

Qozoqov Ibrohim

Qozoqov IbrohimBiologiya fanlari doktori

    1948 yilda Tozayormish qishlog‘ida tavallud topgan. Qishloqdagi 30 - o‘rta maktabni bitkazgach, 1969 yilda Toshkent Davlat (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy) universiteti fizika fakultetiga o‘qishga kirib, 1974 yilda tugatgan. 1975 yildan boshlab O‘zbekistan Fanlar akademiyasi Bioximiya institutining biofizika bo‘limida kichik ilmiy xodim vazifasida ishlarkan, o‘zining izlanishlarga intiluchanligini ko‘rsata bildi. Shunga ko‘ra, 1979 yilda aspiranturaning sirtqi bo‘limiga qabul qilinib, nisbatan qisqa muddatda “Har xil bo‘g‘imoyoqlilarning zaharlari va toksinlarining ikki qatlamli lipid membranalarga ta’siri” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.
    1985 - 1991 yillarda Fanlar akademiyasi Fiziologiya institutining ilmiy xodimi lavozimida ishlagan davrida ko‘pgina ilmiy ishlarni amaliyotga tatbiq qildi, bir necha bor muhim ratsionalizatorlik takliflarini kiritib, mualliflik guvohnomalariga ega bo‘ldi. Mazkur amaliyotlar hozirgi kunda ham o‘z samarasini berib kelmoqda.
    1992 yildan e’tiboran Fanlar akademiyasi Zoologiya institutida guruh rahbari, so‘ngra hujayra biologiyasi va hayvonlar toksikologiyasi laboratoriyasi mudiri lavozimida ishlab keldi. Rahbarligidagi laboratoriya har xil reptiliyalar va bo‘g‘imoyoqlilarning ta’siri, ya’ni mexanizmlarini o‘rganish borasida chuqur ilmiy tadqiqotlar olib bordi. Ushbu tadqiqotlar nazariy va amaliy zoologiyaning rivoji uchun katta ahamiyatga egadir. Xususan, I.Qozoqovning o‘zi hozirgi vaqtdagi zamonaviy yo‘nalishlardan hisoblangan zootoksikologiya sohasida - O‘zbekiston hududida kam o‘rganilgan zaharli hayvonlarning ekologik-biologik xususiyatlari, zahar ajratib olishning yangi uslublari, zaharlarning tarkibiy qismlari va biologik membranaga ta’sir etish mexanizmlarini aniqlashga muvaffaq bo‘lgan.
    O‘zbekistonda Golubridae oilasiga kiruvchi ilonlarning 11 ta turi uchraydi. Ular adabiyotlarda zaharsiz ilonlar qatoriga kiritilgan. Lekin endilikda bu ilonlar zaharli ekani, kolubroidlar klassik ilonlarga o‘xshab inson va hayvonlar organizmiga ga’sir etishi zamonaviy uslublarda va hujayra doirasida o‘rganilib, isbotlab berildi. Bundan tashqari respublika hududida uchraydigan bo‘g‘imoyoqlilar turkumiga mansub ixodidae oilasiga kiruvchi kanalarning bir necha turlari zaharlaridan toksinbop moddalar va antikoagulyantlar ajratib olindi. Bu tadqiqotlar endilikda tibbiyot va farmokologiya sohalarida amaliyotda qo‘llanilmoqda.
    Iqtidorli olim Ibrohim Qozoqov rahbarligida to‘rt nafar aspirant nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan.
    Ilmiy faoliyati davomida yuz ellikka yaqin ilmiy ishi chop etilgan. Yigirmadan ortiq ilmiy maqolalari chet ellardagi nufuzli jurnallarda e’lon qilingan. Asosiy ilmiy qiziqishlari - o‘rganilmagan har xil reptiliyalar, bo‘g‘imoyoqlilar zaharlarining va ulardan ajratib olingan toksinlarning biologik membranalarga ta’sirini o‘rganishdan iborat. Chet el tashkilotlari va davlat tomonidan beriladigan turli grantlarda ilmiy ishlari bilan faol qatnashib keldi.
    Olim rahbarlik qilgan laboratoriyada AQSh Kolorado universiteta biokimyo va molekulyar biologiya departamenti bilan hamkorlikda reptiliyalar va bo‘g‘imoyoqlilarning turlari, zaharlari va komponentlari ustida zamonaviy uslublar yordamida samarali ilmiy ishlar olib borildi.
    Iqtidorli olim Ibrohim Qozoqov juda izlanuvchan ilm - fan fidoyisi, o‘z sohasining yetuk mutaxassislaridan biri edi. Uning ilmiy - tadqiqot ishlari aktualligi bilan yaqqol ko‘zga tashlanib turadi. Jumladan, 2011 yilda “Har xil toksonomik guruxlarga kiruvchi membranoaktiv zootoksinlarning qiyosiy xarakteristikasi” mavzusida himoya qilgan doktorlik dissertatsiyasi mutaxassislar tahsiniga sazovor bo‘ldi. O‘sha yili Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti direktorligiga tayinlangani ham uning ilm bobidagi yuqori salohiyati, odamlar bilan ishlashdagi samimiyati, tashkilotchilik mahorati e’tirofi bo‘ldi. Afsus, yangi yuksak lavozimida ajoyib xususiyatlarini namoyon qilishga ulgurmadi, ayni butun iqtidori barcha qirralari bilan qulf urib ochilgan pallada 2011 yili olamdan o‘tdi.
    Ibrohim Qozoqov 2003 yilda O‘zbekistan Fanlar akademiyasi tashkil topganining 60 yilligi munosabati bilan ilm - fan sohasidagi salmoqli ishlari hamda yosh ilmiy xodimlarni tayyorlashdagi yutuqlari uchun O‘zbekistonning yuksak davlat mukofoti - “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.



Kitoblari. Maqolalari. Ilmiy-tadqiqot ishlari. Yutuqlari

service-icon

Aniq fanlar

Aniq fanlar tarkibiga matematika, informatika kabi fanlar kiradi.

service-icon

Ijtimoiy-gumanitar fanlar

Ijtimoiy-gumanitar fanlar qatoriga antropologiya, arxeologiya, iqtisodiyot, siyosat , sotsiologiya, tarix, huquqshunoslik, psixologiya kabi fanlar kiradi

service-icon

Tabiiy fanlar

Tabiiy fanlar sirasiga astronomiya, fizika, geografiya, kimyo, biologiya kabi fanlar kiradi.

service-icon

Filologiya

Filologiya tarkibiga tilshunoslik, adabiyotshunoslik kabi fanlar kiradi.

Aniq fanlar5



Ijtimoiy-gumanitar fanlar10



Tabiiy fanlar80



Filologiya5