Muhabbat Qurbonova taniqli mutaxassis, yetuk olima. Respublika miqyosidagi nufuzli komissiyalar a’zosi hisoblanadi. 2013 yildan O‘zMU huzuridagi fan doktori ilmiy darajasini beruvchi Ilmiy Kengash a’zosi, mazkur kengash qoshidagi Ilmiy seminar raisi o‘rinbosari (2013 - 2014), malakaviy imtihon hay’ati kotibi. Shuningdek, fakultet sifat komissiyasi a’zosi, fakultet ilmiy - metodologik seminari raisi, fakultetdagi “Olima” uyushmasi yetakchisi, “Yosh tilshunos” to‘garagi rahbari hamdir.
Professor Qurbonova Muhabbat Matyaqubovna mamlakatimizda malakali kadrlarni tayyorlashga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Uning ilmiy rahbarligida 1 ta doktorlik, 1 ta nomzodlik dissertatsiyasi himoya qilingan. Bugungi kunda uning rahbarligida 3 ta doktorlik dissertatsiyasi ustida ilmiy izlanish olib borilmoqda.
Ustoz - shogird tizimida uning rahbarligida Respublika fan olimpiadasi g‘oliblari va Navoiy stipendiyasi sovrindori tayyorlangan.
O‘zR XTV tomonidan 2005 - 2009 yillarda o‘tkazilgan “Yangi tahrirdagi Davlat ta’lim standartlari, modernizatsiya qilingan o‘quv dasturlari”ni tajriba - sinovdan o‘tkazish bo‘yicha “Ona tili” fanidan ilmiy rahbar, 2009 - 2011 yillarda o‘rta mahsus kasb - hunar ta’limi bosqichidagi “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” fani bo‘yicha tajriba - sinov ishlariga ilmiy rahbar sifatida faoliyat ko‘rsatgan.
Olima “Iste’dod” jamg‘armasi byudjeti sovrindori sifatida 2007 yilda Malayziyaning MARA Tehnologiyalar universitetida tajriba oshirgan.
U 100 dan ortiq ilmiy, o‘quv - uslubiy ishlar jumladan, 1 ta monografiya, 3 ta darslik, 10 ta o‘quv qo‘llanma, 1 ta metodik qo‘llanma va 90 dan ortiq ilmiy maqolalar, tezislar muallifidir. Muhabbat Qurbonova hammualliflikda yaratgan “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” o‘quv qo‘llanmasi uchun “Yilning eng yahshi darsligi va o‘quv adabiyoti muallifi” Respublika tanlovi g‘olibi (2007 yil), 2011 yilda esa “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” darsligi uchun “Yilning eng yahshi darsligi va o‘quv adabiyoti muallifi” Respublika tanlovi g‘olibi bo‘lgan.
U hammuallifligida tayyorlangan 1 ta darslik (2012) va 1 ta o‘quv qo‘llanma (2013) O‘zR OO‘MTV tomonidan zamonaviy o‘quv adabiyoti sifatida nashrga ruhsat berilgan.
Qurbonova Muhabbat Matyaqubovna xalqaro miqyosda e’tirof etilgan olima. U 2004 yildan buyon Jahon turkologlar uyushmasi a’zosi. Olima Qozog‘iston (1999, 2006), Malayziya» (2007), Turkiya (2004, 2012), Rossiya (2013) davlatlarida bo‘lib o‘tgan xalqaro anjumanlarda ma’ruzalar qilish orqali o‘zbek tilshunosligining yutuqlarini dunyo ilmiy jamoatchiligiga taqdim etib kelmoqda.
Professor Muhabbat Qurbonova o‘z kasbining mohir ustasi, shuningdek, zamonaviy bilim va yangi pedagogik - innovatsion texnologiya usullarini chuqur egallagan mutaxassis ekanligini ko‘rsatib kafedra, fakultet va universitet rahbariyati oldida katta hurmatga sazovor bo‘ldi. Joriy o‘quv yilida u tomonidan o‘tkazilgan «Ochiq ma’ruza» yuqori baholanib, Respublikada ommalashtirishga tavsiya etildi.
Olima Respublika, universitet va fakultet miqyosida hamda TTJda o‘tkaziladigan ma’naviy- ma’rifiy tadbirlarda faol ishtirok etadi. Televidenie va radioda milliy qadriyatlar, davlat tili va ta’lim - tarbiyaga oid o‘zining fikr - mulohazalari bilan muntazam qatnashib keladi.
Muhabbat Qurbonova shaxmat, shashka, voleybol sport turi bo‘yicha musobaqalarda faol qatnashib, sovrinli (1-o‘rin-2012 y. voleybol; 3-o‘rin 2014Y. shashka) o‘rinlarni egallab kelmoqda.
Muhabbatxon - oilali. Turmush o‘rtog‘i Qurbonov Raim Yo‘ldoshevich - falsafa fanlari nomzodi, dotsent. Bu ahil oilada tarbiya topayotgan uchala farzand ham ota-onalari izidan borib, ilmga mehr qo‘yganlar.