Pedagogika fanlar nomzodi, dotsent
1942 yil 20 martda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1966 yili Toshkent davlat xorijiy tillar pedagogika institutini imtiyozli tugallagandan so‘ng, yo‘llanma bilan Farg‘ona davlat pedagogika institutining xorijiy tillar fakultetiga ishga jo‘natilgan. Qisqa muddatli ish faoliyati davomida yosh mutaxassis B. Radjabov o‘z hamkasblari, talabalar orasida hurmat va ehtiromga sazovor bo‘ldi.
B. Radjabov 1966 - 1977 yillari Farg‘ona davlat pedagogika institutida o‘qituvchi, katta o‘qituvchi lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan davrlarda institutning o‘qituvchilari va talabalarini ingliz tiliga o‘rgatish bo‘yicha to‘garaklar ishini yo‘lga qo‘ygan, ilmiy anjumanlar tashkillash ishlarini amalga oshirgan. Ingliz tili o‘qitish metodikasini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi uni Moskvadagi chet tillar o‘qitish nazariyasi ilmiy tadqiqot institutiga yetakladi. 1973 - 1976 yillar davomida shu institut aspiranturasida tahsil oldi. So‘ng 1977 yili “Yuqori sinf o‘quvchilarini ingliz tilidan monolog nutqini takomillashtirish” mavzusida pedagogika fanlari nomzodi ilmiy darajasi uchun dissertatsiyani muvaffaqiyatli himoya qildi. 1977 - 1985 yillari Farg‘ona davlat pedagogika institutining chet tillar fakultetining kafedra mudiri lavozimida faoliyat olib bordi.
U chet tillar mutaxassisligi va kafedra mudiri sifatida talabalarga ingliz tilini o‘rgatish, uni takomillashtirish metodikasi bo‘yicha ko‘plab tavsiyanomalar, ko‘rsatmalar, amaliy mashg‘ulotlar ishlamalarini yaratilishiga asos soldi.
1987 yili O‘zbekistan davlat jismoniy tarbiya instituta chet tillar kafedrasiga kafedra mudiri lavozimiga ishga taklif etildi. U u yerda sportchi talabalarni xorijiy mamlakatlarda, sport musobaqalarida ishtirok etishi jarayonida nutq madaniyatini shakllantirish va sport musobaqalari jarayonida muloqoti bo‘yicha ko‘plab uslubiy qo‘llanmalar, o‘qitish metodikasini takomillashtirish borasida ko‘zga ko‘rinadigan ishlarni amalga oshirdi.
B. Radjabov qator yillar davomida O‘zbekistan Olimpiada shon - shuhrati muzeyi direktori lavozimida muzey eksponatlari va O‘zbekistan sport tarixini boyitish, chet ellik mehmonlar va turistlarga milliy sport turlarimiz hamda O‘zbekistonda sportni rivojlantirish borasida Prezidentamiz, davlatimiz tomonidan olib borilayotgan siyosat mazmunini targ‘ib qilish ishlari bilan shug‘ullandi. 50 dan ortiq ilmiy maqolalari va qator o‘quv - uslubiy qo‘llanmalar muallifi sifatida xorijiy tillarni o‘qitish jarayonini takomillashtirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.