Aytishlaricha, inson qalbining tub - tubida mittigina bir cho‘g‘ bo‘larmish, inson intilib harakat qilgani sari bu cho‘g‘ alanga olib otashga aylanarmish... Bunday insonlarni olov qalb deb atasharkan, o‘sha otashning qanchalik alanga olib urishi esa yillarni tan olmas ekan... Yuridik fanlari doktori, professor Rajabova Mavjuda Abdullayevna ana shunday o‘z mehnati ortidan obro‘- e’tibor topgan huquq sohasida ko‘zga ko‘ringan yetuk mutaxassis, taniqli olima, ko‘pgina huquqshunoslar uchun ustoz pedagogdir. Uning qalbiga tushgan cho‘g‘ esa hamisha otash bo‘lib uni ezgu ishlarga, yangiliklarga, yaxshiliklarga chorlab, unga kuch, iroda berib turaveradi.
Mavjuda Rajabova ToshDU (Hozirgi O‘zMU)ni imtiyozli diplom bilan tugatib, prokuratura organlarida uzoq yillar faoliyat ko‘rsatgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasi Qonunchilikni mustahkamlash muammolari va prokuror - tergov xodimlari malakasini oshirish markazi direktorining o‘quv ishlar bo‘yicha o‘rinbosari (1996 - 2000), jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yakkasaroy tumani sudining raisi ( 2000 - 2005), O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Qonunchilik va sud - huquq masalalari qo‘mitasining raisi (2005 - 2009), O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining o‘rinbosari (2010 - 2014) lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. Parlament yuqori palatasida ishlash davrida ham uning ilm - fanga bo‘lgan qiziqishi yanada boyib Senat tomonidan ma’qullangan qonunlarni pishiq va puxta bo‘lishiga qaratildi. Iqtidorli va salohiyatli olima Mavjuda Rajabova hozirgi kunda Ichki Ishlar Vazirligi Akademiyasining “Jinoyat protsessi” kafedrasi professori lavozimida ishlab huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuksak ma’naviyatli, bilimli kadrlarni tayyorlashda hissasini qo‘shmoqda.
Mavjuda Rajabova prokuratura organlarida ishlash barobarida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Falsafa va huquq instituti aspiranturasiga (1993) sirtdan o‘qishga kirib, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, yuridik fanlar doktori, professor G‘.A. Ahmedov rahbarligida “Shariatda jinoyat va jazo” mavzuida tadqiqot ishini amalga oshirdi hamda 1996 yilda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi qoshidagi Ixtisoslashgan Kengashda nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.
Shundan so‘ng iqtidorli olima Mavjuda Abdullayevna jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yakkasaroy tuman sudining raisi lavozimida ishlagan kezlarida mustaqil tadqiqotchi sifatida “Diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashning jinoiy-hukuqiy muammolrari” mavzuida izlanishlar olib bordi hamda 2002 yilda O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi qoshidagi Ixtisoslashgan Kengashda himoya qilib yuridik fanlari doktori ilmiy darajasiniolishga erishdi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent Islom universiteti Ilmiy Kengashi tavsiyasi asosida dotsent (2010) va professor (2011) ilmiy unvonlariga ega bo‘lgan.
E’tiborga moyillik jihati shundaki, Mavjuda Rajabova 1996 yildan to 2013 yilgacha davlat hokimiyati tarmoqlarida ishlash bilan birga ilmiy faoliyatini boyitish va uni yanada yuksaltirish maqsadida o‘rindoshlik asosida ilmiy - pedagogik faoliyatini ham davom ettiirib keldi. U o‘zining ilmiy - pedagogik faoliyatini dastlab O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Prokuror nazorati”, “Musulmon huquqi” fanlari bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazishdan boshlagan bo‘lsa (1996 - 1999), keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent Islom universigetida (2000 yildan 2012 yilga qadar) “Jinoyat hukuqi” va “Jinoyat protsessi” fanlaridan ma’ruzalar o‘qish bilan davom ettirdi.
Olimaning ikki shogirdi yuridik fanlar nomzodi ilmiy darajasini olishga erishgan. Hozirgi kunda uchta tadqiqotchi tomonidan yuridik fanlar doktori ilmiy darajasini olish yuzasidan amalga oshirilayotgan izlanishlarga ilmiy maslahatchi tariqasida rahbarlik qilmokda.
Mavjudaxon – oilali , ikki farzandining mehribon onasi. Turmush o‘rtog‘i - Shonazar Berdiyev, iqtidorli olim, yuridik fanlari doktori. Farzandlari: Shoaziz ota - onasining izidan borib, prokuratura idoralarida ishlab kelmoqda, kenjasi Shohjahon bank sohasida ishlaydi.
Mavjuda Rajabovaning ilmiy - amaliy faoliyatda erishgan yutuqlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan. U “Hurmat belgisi” ordeni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Faxriy yorlig‘i (1993), “Mehnat shuhrati” ordeni (2006) bilan mukofotlangan.
Professor Rajabova Mavjuda Abdullayevnaning bugungi kundagi ilmiy faoliyati mamlakatimizda amalga oshirilayoggan izchil va tizimli demokratik islohotlarni yanada chuqurlashgirish va fuqarolik jamiyatini to‘la - to‘kis shakllantirish, jumladan sud - huquq sohasining mustaqilligini ta’minlashga ishtirok etishga yo‘naltirilganligi bilan ham e’giborga moliqdir.