Ro‘ziyeva Dilnoz Isomjonovna, 1968 yilda Buxoro viloyatining Kogon shahrida tavallud topgan. O‘zDJTU ilmiy ishlar bo‘yicha rahbari, pedagogika va psixologiya kafedrasi professori.
1985 yilda maktabni a’lo baholarga tugatgach, Rossiyaning Belgorod davlat universitetiga o‘qishga kirdi.
Institutni tugatgach ham Dilnoz shu aqidasiga sodiq qoldi. Rus tili va adabiyoti o‘qituvchisi ixtisosligi bo‘yicha imtiyozli diplom olgan Dilnoz Isomjonovna 1991 yilda Navoiy davlat pedagogika institutining tillar o‘qitish kafedrasida o‘qituvchi bo‘lib ish boshladi. Ilmiy izlanishni boshlagach, O‘zPFITIning aspiranti bo‘ldi. 1995 yilda ustozi professor V.I. Andriyanova rahbarligida «O‘zbek maktablari 7-9-sinf o‘quvchilarining ruscha nutqini o‘stirishda tabaqalashtirilgan yondashuvdan foydalanish (vaqtni ifodalovchi so‘zlar yordamida) mavzuyidagi nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqladi. 1997 yilda rus tili o‘qituvchisi metodikasi kafedra dotsenti bo‘ldi.
Talabalarni o‘qitish bilan birga ilmiy ishini davom ettirdi. Dilnozxon mehribon ustoz, iqtidorli shogirdliknigina emas, qo‘li gul uy bekasi, g‘amxo‘r ona kabi ayollarning ulug‘ vazifalarini ham maromiga yetkazib, uddalashga ulgurardi. Intizomni nihoyatda qattiq talab qiladigan ichki ishlar xodimi bo‘lgan turmush o‘rtog‘i Abdusattor aka ham xonimidan nihoyatda mamnun edi. Chunki Nilufar, Jamila, Malika ismli lobar qizlarining ust-boshi hamisha ozoda, o‘qishlari ham a’lo, uyda hamisha saromjonlik muhayyo edi-da. U biror marta rafiqasining ishdan yoki ro‘zg‘ordan noliganini eshitmasdi. Ichida esa shu nozikkina joniga buncha qat’iyat, iroda eng muhimi yaqinlariga, kasbiga mehr qanday jo bo‘lgan ekan-a, deb o‘ylab qo‘yardi. Shu bois iloji boricha uni qo‘llab-quvvatlardi. Dilnozxon ba’zan kutubxonalarda qolib ketar, ba’zan yarim tungacha ham ish stolidan turmasdi. Ana shunday paytlarda Abdusattor akasi tutgan bir piyola qahva, ikki og‘iz shirin so‘z unga bitmas-tuganmas kuch bag‘ishlardi. Mashaqqatli mehnatlar va turmush o‘rtog‘ining madadi tufayli olima «Oliy ta’lim muassasalari talabada milliy iftixor tuyg‘usini shakllantirish» mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini o‘z vaqtida himoya qila oldi. Yig‘ilgan tajribalar, olib borilgan ilmiy izlanishlar samarasi o‘laroq fan doktorining o‘zbek maktablarida rus tili o‘qitish metodikasi, pedagogika tarixi, umumiy ixtisosliklari bo‘yicha e’lon qilingan «Razvitie russkoy rechi uchashixsya-uzbekov pri differentsirovannom podxode k obucheniyu», «Sovremennne puti obucheniya russkomu yaziyku», «Talabalarda milliy iftixor tuyg‘usini shakllantirish» nomli o‘quv qo‘llanma va monografiya»lari, «Milliy iftixor tuyg‘ularini shakllantirishning muammolari» kabi metodik tavsiyalari, 70 dan ortiq ilmiy maqolalari, xalqaro va respublika ilmiy anjumanlarida e’lon qilingan maqolalari ommalashtirilgan.
Dilnoz Isomjonovna ayni yetuklik pallasida, u hozirgi kunda ilmiy ishlar bo‘yicha rahbar sifatida yangi iste’dodli olimlar kashf qilinishiga hissa qo‘shayotgan bo‘lsa, bilimdon ustoz, professor sifatida jamiyatimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shadigan iqtidorli shogirdlar tayyorlamoqda.