Ayol o‘zining nafakat yurish - turishi, maftunkorligi, husnu latofati, balki qilayotgan go‘zal ishlari bilan ham chiroylidir... Ana shunday siyrati - yu, surati go‘zal bo‘lgan, o‘z ezgu ishlari bilan umr yo‘llarini bezayotgan olima xotin - qizlarimizning yorqin vakilalaridan biri O‘zbekiston Milliy universitetining Xorijiy filologiyasi fakulteti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Sadullaeva Nilufar Azimovnadir.
Nilufar Sadullaeva 1995 yil Toshkent Davlat Sharqshunoslik instituti, Xalqaro iqtisodiy aloqalar fakultetini tamomlagan. “Qiyosiy - tarihiy, tipologik va chog‘ishtirma tilshunoslik, lingvistik tarjimashunoslik” mutaxassisligi bo‘yicha filologiya fanlari nomzodi darajasini olish uchun “Uyushgan va ajratilgan kengaytiruvchilarning qiyosiy tadqiqi (o‘zbek va ingliz tillari misolida)” nomli dissertatsiyani himoya qilgan.
Sadullayeva Nilufar Azimovnaning universitetdagi pedogogik faoliyati 2005 yildan beri davom etib kelmoqda. Avval universitetning xorijiy filologiya fakulteti ijtimoiy - gumanitar yo‘nalishlari bo‘yicha chet tillari kafedrasida, 2012 yildan ingliz filologiyasi kafedrasida o‘qituvchi lavozimida ishladi, 2013 yildan esa shu kafedrada dotsent lavozimida faoliyat yuritmoqda. Uning ilmiy faoliyati bir qancha ilmiy maqolalarda aks etadi: 11 ta maqola OAK ro‘yxatidagi jurnallarda, shulardan 3 tasi xorijiy nashrlarda, 8 tasi respublika nashrlarida, 14 ta maqola respuolika ilmiy - amaliy anjuman materiallari to‘plamlarida chop etilgan. Talabalar uchun “English as a second language” o‘quv qo‘llanmasi, “Ingliz va o‘zbek tillarida sintaktik kategoriyalar (qo‘shma gap misolida)” o‘kuv - uslubiy qo‘llanmasi hamda “O‘zbekiston o‘lkashunosligi fanidan matnlar to‘plami” nomli uslubiy qo‘llanma muallifi.
Dotsent Nilufar Sadullayeva ilmiy - pedagog kadrlar tayyorlashda o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda, shuningdek, kurs ishi, malakaviy bitiruv ishi hamda magistrlik dissertatsiyalariga rahbarlik qiladi. Uning ilmiy rahbarligida 4 ta magistrlik dissertatsiyasi himoya qilindi. U fakultetda iqtidorli talabalar bilan ishlash bo‘yicha mas’ul sifatida ham samarali faoliyat olib bordi. Respublika fan olimpiadalarida bir qancha talabalar imtiyozli o‘rinni egalladilar. Ayni paytda ingliz filologiyasi kafedrasida ilmiy ishlar bo‘yicha mas’ul vazifasini bajarmoqda.
Sadullayeva Nilufar Azimovna o‘zining 10 yillik ilmiy - pedagogik faoliyati davomida bir necha marotaba o‘z tajribasini oshirdi. 2008 yilda Shvetsiyada, 2008 yil 1 dekabrdan 30 dekabrgacha O‘zbekiston Davlat Jahon tillari universitetida “Ingliz tili” fani bo‘yicha jami 144 soatlik kursni o‘qib, tajriba oshirdi. 2013 - 2014 yillarda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida o‘z tajribasini oshirdi.
Nilufar Sadullayeva intizomli, xodimlarga va talabalarga nisbatan talabchan, yetuk mutaxassis hisoblanadi. Jamoat ishlarida faol ishtirok etadi. U o‘ziga yuklatilgan har bir topshiriqni mas’uliyat bilan bajaradi.
Nilufarxon oilali, 4 farzandning onasi.