Toshkent Axborot Texnologiyalari Universiteti Kompyuter injiniring fakulteti “Multimediya texnologiyalari” kafedrasi dotsenti Sa’dullayeva Shahlo Azimboyevna nafaqat ilmi, mehnati orqali jamiyat taraqqiyotiga, o‘z tanlagan soha rivojiga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan ilm sohibalaridan biri, balki oiladagi asosiy mas’uliyati bo‘lgan ayollik va onalik yumushlarini ham birdek ko‘tara bilgan muhtarama ayollarning go‘zal vakilalaridan.
O‘zbekiston Milliy universitetining Mexanika - matematika fakultetini tugatgan Shahlo Sa’dullaeva, shu universitetning aspiranturasida tahsil oldi. Uqish davomida “Bir jinsli bo‘lmagan muhitda chiziqli bo‘lmagan filtratsiya jarayonlarini sonli modellashtirish” mavzusida ilmiy izlanishlar olib bordi va nomzodlik dissertatsiyasini himoya kildi.
Shu yillar davomida u TATUning Urganch filialida “Tabiiy va umumkasbiy fanlar” kafedrasi mudiri bo‘lib, so‘ngra O‘zbekiston Milliy universitetining Mexanika - matematika fakultetida katta ilmiy xodim bo‘lib faoliyat olib bordi. 2011 yili Toshkent Axborot texnologiyalari universitetining “Informatika” kafedrasi dotsenti bo‘lib ishga kirdi. 2012 yildan 2013 yilgacha “Multimedia texnologiyalari” kafedrasi mudiri lavozimida mehnat qildi. Hozirda shu kafedra dotsenti.
Hozirgi kunda olima “Ikki marta nochiziqli bo‘lgan reaktsiya-diffuziya jarayonlarini sonli - analitik usullar bilan yechish” mavzusida doktorlik ishini olib bormoqda.
Dotsent Shahlo Sa’dullayevaning shu kungacha 50 dan ortiq ilmiy ishlari chop etiddi. Hozirgi kunda ikkita maqolasi xorijiy ilmiy jurnallarda chop ettirish uchun yuborilgan.
U 2011 yil Bakuda bo‘lib o‘tgan xalqaro kongressda ilmiy ma’ruza bilan ishtirok etdi. 2013 yil Yaponiyaning Nagoya universitetida bo‘lib o‘tgan ilmiy seminarda ishtirok etdi.
2014 yilning 24 iyunidan 19 avgustigacha Koreaning INXA universitetida Kompyuter injiniring bo‘yicha quyidagi zamonaviy kurslarni o‘qib, yuqori natijalar ko‘rsatib qaytdi:
1) Hacking and Protection
2) Embedded System Design
3) Digital Image Processing
4) Real Time System
5) Computer Vision
6) Information Security Protocol
Hozirda olima o‘z ustida betinim ishlamoqda. Shu bilan bir qatorda ingliz tilini mukammal egallash uchun bilim va ko‘nikmalarini oshirib kelmoqda.
Dotsent Shahlo Sa’dullayeva tajribali, tirishqoq pedagoglardan. Darslarga puxta tayyorgarlik ko‘radi, buning uchun yangiliklarni o‘qib o‘rganishdan, izlanishdan charchamaydi. Shuning uchun ham u universitet jamoasi va talabalar o‘rtasida katta hurmatga sazovor.
Shahloxon hamisha zimmasidagi asosiy mas’uliyati bo‘lgan oiladagi vazifasiga, farzandlar tarbiyasiga alohida mehr - e’tibor bilan qaraydi. Uning bu vazifalarni udda- lashida esa turmush o‘rtog‘i - Zafarjon Jumaniyozov hamisha tayanch. Farzandlari Orifjon va Go‘zalxonlar hali maktab o‘quvchisi bo‘lsalar-da, ilmga juda qiziqadilar, orzulari bisyor. Albatta, bunda ularga ibrat maktabini o‘tayotgan ota-onaning o‘rni beqiyosdir.