

Safarova Dilbar Jamolovna 1945 yilning 28 noyabrida Toshkent shahrida dunyoga keldi. 1964 yilda 10 - maktabni a’lo baxolar bilan tugatib, Toshkent Davlat Pedagogika institutining biologiya fakultetiga o‘qishga kirdi. Besh yillik o‘qish davri talaba qizning qalbida o‘chmas iz qoldirdi. U ilm - fan olamiga sho‘ng‘idi. Oliy dargohning yetakchi professor - olimlari ma’ruzalarini jon dili bilan tingladi, kichik ilmiy maqolalari bilan muallimlar nazariga tushdi. Shuning uchun Dilbarni aspiranturaga tavsiya etdilar. U 1972 yilda taxsilni tugatdi hamda Davlat mukofoti laureyati, akademik K.A.Zufarov raxbarligi ostida tayyorlagan “O‘n ikki barmoqli ichakning tsitologik va ultrastruktur xususiyatlarining yoshiga qarab o‘zgarishi” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. Ilmiy ish Toshkent Davlat Tibbiyot instituti Gistologiya va embriologiya kafedrasi qoshida amalga oshirildi.
Dilbar Jamolovna 10 yil davomida O‘rta Osiyo Tibbiyot pediatriya institutining Gistologiya va embriologiya kafedrasida assistentlik lavozimida ishladi. 1981 yildan esa O‘zbekiston Davlat Jismoniy tarbiya institutining anatomiya va biomexanika kafedrasida mexnat qila boshladi. U katta o‘qituvchilikdan kafedra mudiri darajasigacha ko‘tarildi. Kafedrada anatomiya va biomexanika fanlarini yuqori saviyada o‘tkazish uchun yetarli shart - sharoitlar yaratish, o‘quv xonalarini zarur ko‘rgazmali qurollar, jihozlar — organlarning makro - mikropreparatlari, mulyajlar, elektrlashgan planshetlar, stendlar, jadvallar bilan boyitish yo‘lida ko‘p jonbozlik ko‘rsatdi. Hozirgi kunda talabalar biomexanika o‘quv xonasida sport mashg‘ulotlari jarayonida bajarilgan ishga sarflangan quvvatni bevosita veloergometr yordamida, tezlik, tezlanish, inertsion ko‘rsatkichlar va og‘irlik markazlarini EHM ko‘magida hisoblab chiqarish imkoniyatiga egadirlar.
D.J.Safarova talabalar hamda magistrantlarga anatomiya, biomexanika, sport morfologiyasi fanlaridan ma’ruzalar o‘qiydi, amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazadi. Ilm - fanning eng yangi ma’lumotlari bilan to‘yingan bu darslar nihoyatda qiziqarli o‘tadi. Ularda e’tiborsiz, zerikkan tinglovchini uchratmaysiz. Anatomiya bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar dotsent D.J.Safarovaning ”Anatomiya va sport morfologiyasidan iraktikum” darsligi asosida olib boriladi. Ko‘pgina o‘quv qo‘llanmalari, o‘quv - uslubiy tavsiyanomalar muallifi bo‘lmish olima “Odam anatomiyasi” darsligini chop ettirish uchun tayyorladi. U kafedraning “Sportchilarning immunogenetik statusi va sport tanlovi jarayonini takomillashtirish” yo‘nalishi bo‘yicha ilmiy - tadqiqot ishlariga rahbarlik qiladi. Anatomiya va biomexanikaning ilmiy yo‘nalishlari “Anatomiya, gistologiya va e’lon qilinib, to‘la ma’qullangan. Barcha izlanishlarning natijalari ilmiy hisobotlar, maqolalar, doktorlik dissertatsiyasi mazmuniga singdirilmoqda, s’ezdlar, kongresslar, konferentsiyalar minbaridan turib bayon etilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston morfologlarining II s’ezdida (1999 yil, Toshkent), Xalqaro Kurash Akademiyasi hamda O‘zbekiston Kurash Milliy federatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan “O‘zbek kurashi: kecha, bugun, ertaga” mavzusidagi ilmiy - amaliy anjumanda (1999 yil, Toshkent), “Yuqumli kasalliklarning dolzarb muammolari” mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy - amaliy anjumanda (2001 yil, Toshkent), Oliy Majlisning fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan “Farzandlari sog‘lom yurt qudratli bo‘lur” ilmiy - amaliy konferentsiyasida (2001 yil, Toshkent) amalga oshirilgan chiqishlar ko‘p bahs - munozaralarga sabab bo‘lib, ishtirokchilarda katta tassurot qoldirdi. D.J.Safarova tayyorlagan maqolalar, tezislar, uslubiy qo‘llanmalar bir necha xorijiy mamlakatlar — Polsha, Yugoslaviya, Meksika, Vengriya, Italiya, Rossiyada chiqqan ilmiy - ommabop nashrlarda ham chop etilgan. Olima magistrlarning ilmiy ishlariga rahbarlik qilmoqda, jamoat ishlarida faol ishtirok etmoqda.