Biologiya fanlari nomzodi, professor
S. Sahobiddinov 1906 yilda Toshknent shahrida tug‘ilgan. Xiva pedagogika texnikumida 1926 yildan boshlab o‘qituvchi lavozimida o‘z mehnat faoliyatini boshlagan. 1932 yili o‘zbeklar ichida birinchilar qatorida Leningrad (Sant-Peterburg) universitetining geobotanika kafedrasida o‘qishni tugatib, Toshkent davlat universitetida assistent, 1939 - 145 yillarda Andijon o‘qituvchilar institutida kafedra mudiri lavozimlarida ishlagan. Tabiiy fanlar o‘qitilishi yuzasidan doimiy ravishda seminarlar o‘tkazib, viloyatda biologiya fanlari o‘qitish tizimini yaxshilashga katta hissa qo‘shgan. Shu bilan birgalikda, u institutning kasaba uyushma qo‘mitasi raisi lavozimida ishlagan. 1945 - 1950 yillada O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Botanika institutida katta ilmiy xodim , 1951 - 1985 yillari Farg‘ona davlat pedagogika institutida botanika kafedrasi mudiri lavozimlarida mehnat qilgan.
1938 yilda “O‘rta Osiyoning yovvoyi holda o‘suvchi dorivor o‘simliklari va ularning xalq meditsinasida qo‘llanilishi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
S. Sahobiddinov o‘z ilmiy faoliyatini respublika hududidagi begona o‘tlar , zaharli va dorivor – xomashyo bop, foydali o‘simliklar zahiralarini aniqlash, shuningdek , oliy o‘quv yurtlari uchun darsliklar yaratishga qaratgan. 170 dan ziyod ilsiy va ommabop asarlar yozgan. Jumladan “O‘rta Osiyoning dorivor o‘simliklari “, “O‘zbekistonda eng ko‘p tarqalgan begona o‘tlar va unga qarshi kurash choralari”, ”O‘zbekistonning yovvoyi dorivor o‘simliklari”, “Farg‘ona vodiysi torflari”, “Botanikadan qisqacha terminalogik lug‘at” kabi kitob va risolalarnii chop ettirgan.