Saidova Madina Hamidovna, 10 aprel 1963 yilda Kattaqo‘rg‘on shahrida shifokorlar oilasida tug‘ilgan. Iqtisod fanlari nomzodi. Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti dotsenti.
Madinaxon maktabning eng sho‘x, eng faol va albatta eng a’lochi o‘quvchisi edi. Kimyo o‘qituvchisi Madina kimyogar bo‘ladi desa, tarix o‘qituvchisi ishonch bilan u juda shijoatli, huquqshunoslik unga mos, derdi. Biologiya muallimi esa yo‘k u shifokor bo‘lishi kerakligini uqtirardi. Xullas, u maktab fanlarini barchasini aloga o‘zlashtirardi. Shuning uchun ham maktabni oltin medal bilan tugatganda hamma birday xursand bo‘ldi.
Qizimiz Samarqand tibbiyot institutida o‘qiydi, deb quvonib yurgan otasi Hamid aka ham, Muqimtosh opa ham poytaxtga talpingan qizlariga qarshilik qila olishmadi.
Madinaxon Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish instituti “Suv xo‘jaligi iqtisodi va uni boshqarish” fakulteti talabasi bo‘lganda esa, chin dildan tabriklashdi.
Madinaxon ish faoliyatini “Navoiysuvqurilish” trestida iqtisodchilikdan boshladi. Ustozlaridan olgan barcha bilimini amalda tadbiq etishga harakat qildi. Ishdagi muammolar, qiyinchiliklar haqida hech kimga churq etmadi. Aksincha, o‘z xatolarini vaqtida anglab, tuzatishga intildi. O‘rgandi, o‘rgatdi. Kattalar nazariga tushdi. Uni “Reja – iqtisod” bo‘limiga boshliq etib tayinlashdi. Hayotiy tajribalari oshgan Madina ilmiy ish qilishga axd qildi. Toshkentga qaytdi. O‘zi o‘qigan institut aspiranti bo‘ldi. Erinmay o‘qidi, izlandi, Toshkent viloyatidagi ko‘plab paxtachilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklar faoliyatiii o‘rganishdan, kuzatishdan taqqoslashdan charchamadi. “Xo‘jalik daromadi nima, unga qanday erishiladi?” olingan daromad qanday taqsimlansa to‘g‘ri bo‘ladi, degan savollariga javob topdi, yosh tadqiqotchi olim sifatida ularni tadqiq qildi.
1996 yilda ana shu izlanishlar samarasi bo‘y ko‘rsatdi. U shu mavzuda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilib, iqtisod fanlari nomzodi ilmiy darajasini oldi. 1999 yilda O‘zbekiston Respublikasi OAK tomonidan “Mikroiqtisodiyot” ixtisosligi bo‘yicha dotsent ilmiy unvoni berildi.
Mana 20 yildirki Madina Hamidovna Toshqent irrigatsiya va meloratsiya institutining “Suv xo‘jaligi iqtisodi va uni boshqarish” fakultetida ilmiy - pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanib kelmoqda, Respublikamizda yetuk mutaxassis kadrlar tayyorlashda o‘z bilim va tajribasi bilan munosib hissasini qo‘shmoqda. Shu bilan birga iqtidorli olima sifatida ilmiy izlanishda davom etmoqda. Shu kungacha u 3 ta o‘quv qo‘llanma, 1 ta monografiya, 20 ga yaqin metodik qo‘llanma yaratdi. 30 dan ortiq ilmiy maqolalar yozdi. “Suv resurslarini iqtisodiy baholash bashoratlash metodologiyasi” mavzusidagi doktorlik dis- sertatsiyasi nihoyasiga yetay deb qoldi.
Madina Hamidovna 2007 - 2009 yillarda fakultet ilmiy - uslubiy kengashi raisi bo‘lgan. 2006 yildan beri institut ilmiy uslubiy kengashi a’zosi bo‘lib ishlamoqda. U o‘z faoliyati davomida bir qator bakalavr, magistr va aspirantlarga ilmiy rahbarlik qilmoqda. Madina Saidovna oilali ikki nafar farzandning sevimli onasi.
- Hali ushalmagan orzularim ko‘p, - deydi olima, - shuning uchun ham izlanishda, kasbimning yangi - yangi qirralarini kashf etishga intilaman. Hayotda allaqachon ochilgan ravon yo‘ldan emas, o‘zim ochgan, pasti balandi ham birdek qadrli o‘z so‘qmog‘imdan yurishni afzal bilaman.
Ha, so‘zi bilan ishi bir Madina Hamidovna ayni yetuklik pallasida. Dilidagi ezgu orzularini amalga oshirishga unda malaka ham, kuch - g‘ayrat ham yetarli. Intilganga esa hamisha tole yor bo‘ladi.