Filologiya fanlari nomzodi, dotsent
1946 yil 22 noyabrda Andijon Baliqchi tumanidagi Eshon qishloqda tug‘ilgan. 1962 yili tumandagi 5- o‘rta maktabni bitirib, jamoa xo‘jaligida yoshlar tashkilotchisi hamda klub mudiri lavozimlarida mehnat faoliyatini boshlagan.
1963 yili Farg‘ona davlat pedagogika instituti filologiya fakultetining o‘zbek tili va adabiyoti bo‘limiga o‘qishga kirib, uni 1967 yili tugatdi va institutda assistent o‘qituvchi sifatida o‘z faoliyatini boshladi.
1968 yilning dekabr oyida harbiy xizmatdan qaytgach, institutdagi faoliyatini davom ettirdi. Shu davrdan X. Sharafdd tilshunoslik va adabiyotshunoslikning nazariy kurslari bo‘yicha ma’ruzalar o‘qishni boshladi, amaliy mashg‘ulotlar olib bordi. Keyinchalik o‘zbek folklor shunosligi bo‘yicha ixtisoslashdi va 1986 yili “Qofiya va uning o‘zbek xalq maqollari poetik strukturasidagi funktsional – stilistik xususiyatlari” mavzuida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.
Pedagogik faoliyati davomida talabalarni ilmiy faoliyatga yo‘naltirish ishlariga alohida e’tibor berib kelgan. Uning rahbarligida 8 nafar talaba Alisher Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi sohibi bo‘lgan, 1 nafar talaba O‘zbekistan Respublikasi Prezidenti stipendiyasini olishga sazovor bo‘lgan.
1992 - 2000 yillar davomida o‘zbek filologiyasi fakulteti dekani lavozimida faoliyat olib borgan. Fakultet ilmiy - pedagogik potentsialiga katta e’tibor bilan qaraganligi tufayli ayni shu yillar mobaynida 10 dan ortiq nomzodlik, 3 ta doktorlik dissertatsiyalari himoya qilingan.
“Ohangdoshlik - fikrga libos”, “Takror bo‘yicha umumfilologik lug‘at - ma’lumot”, “O‘zbek folklori savollar va javoblarda”, “Erk. Vatan. Vatanparvarlik” kabi ko‘pgina ilmiy - ommabop va o‘quv - uslubiy qo‘llanmalar, o‘zbek adabiyotshunosligi va folklorshunosligi bo‘yicha 50 dan ortiq maqolalar muallifi bo‘lgan X.Sharafiddinov A. Abdullaev bilan birga yozilgan “Jismoniy tarbiya ta’limi atamalari”, M.Hakimov bilan birga yozilgan “Pragmema va informema pragmalingvistik birlik sifatida” kabi tilshunoslikka doir maqolalar hammuallifi hamdir. Shuningdek, X.Sharafiddinov tomonidan 2 o‘quv qo‘llanmasi yaratilgan, bir dissertatsiya ishiga opponentlik qilingan.
U universitet tashkiliy ishlarida ham faoliyat ko‘rsatib keladi. U 2004 - 2011 yillar davomida universitet ichki nazorat va monitoring bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan va shu yillari universitet strukturasini amaldagi me’yoriy hujjatlar talablariga moslashtirish, boshqaruv tizimini takomillashtirish, pedagogik yo‘nalishdagi fanlar bilan fundamental fanlar o‘qitilishini muvofiqlashtirish bo‘yicha amaliy takliflar kiritib kelgan.
2011 yildan boshlab universitet 2 -Axborot - resurs markazi direktori lavozimida o‘z faoliyatini davom ettirib kelmoqda.